index page

Hamdam Zakirov's Literature Archive (in russian)


FerLibr

ãëàâíàÿ   |   íà ñàéòå   


ãëàâíàÿ
íà ñàéòå

QUVANBEK KENJA:
Zamonaviy o’zbek she’riyati chet elda

Bu maqolachamni men zamonaviy o’zbek she’riyatining atigi bir vakili - Hamid Ismoilga bag’ishlamoqchiman. Boshqa shoirlarning yo’qligidan emas, jumladan Belgining butun boshli bir kitobi ingliz tiliga tarjima etilib Londonda chop etilganligini tilga olish kifoya, yo-da Muhammad Solihga Turkiyada bag’ishlanib chiqqan kitob. Yo’q, Hamid Ismoil deganimda, tanqidimiz e’tibordan chetda qolidirib yuborayotgan va balki hali hazm eta olmaydigan adabiy voqe’likni tekshirmoqchiman.
Ikki eslatma. Birinchidan Hamid Ismoilning ta’bir joiz bo’lsa ichki she’riyatini o’zimning “She’riyat izg’irinlari” kitobimda ancha batafsil taxlil etganman, shuning uchun bu qismatdan o’zimni xoli deb bilaman, darvoqe’ fursat yetganda kitobimga nom bergan “She’riyat izg’irinlari” iborasi uchun uning asl muallifi Hamid Ismoilga ayni shu yerda o’z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.[1]
Ikkinchi eslatma - bundan biroz vaqt avval “O’zbekiston san’ati va adabiyoti” haftaligida Hamid Ismoil bilan “Ikki qutb orasida “ degan alg’ov-dalg’ov bir suhbatning matni bosilib chiqdi. Suhbat tahririy pala-partishligiga qaramasdan shoirning o’z qarashlari haqida qandaydir tasavvur berishi mumkin. Mening gapiradiganlarim bu ikki eslatmadan tashqari narsalardir.
Ruslar, aniqrog’i chet ellarga ketib bo’lgan yahudiylar bu shoirning hozirgi zamon milliy ongi uchun tutgan o’rnini bizlardan o’n yillarcha avval payqab olishgan, bunga dalolat - saksoninchi yillarda Toshkentning “Fan” nashriyotida chiqqan “Russkaya poeziya Uzbekistana v 80-e gody” kitobidir. Bu kitobning yarmi demasam ham uchdan biri Hamid Ismoilning atigi bir kitobchasi “Sad” ga bag’ishlangan. U haqda yozgan yahudiylar kabi shoirning o’zi ham bir qator yillarni chet elga ketib o’tkazgan ekan, ana o’sha yerdagi adabiy urinishlari qiziqtirdi meni. Maqolamning so’ngida esa nima uchunligini o’zingiz ham chiqarib olasiz deb o’ylayman.

Hamid Ismoilning Moskvadagi she’riy faoliyatidan boshlay, harqalay Moskva ham endi chet el emasmi. 1991-92 yillarda shoir Moskva nashriyotlarida bir qancha kitob chop etdi-ki, ular faqat rus tilida bo’lganida edi, rus tanqidchilariga suyak kabi tashlardik-da, o’zimiz Nurilla Oston yo Qamchibek Kenjalar bilan shug’ullanib yurar edik. Yo’q, bu kitoblar ham o’zbek adabiyotining bir parchasi ekan, ularni boshdan oyoq ko’zdan kechirib chiqaylik. Avvaliga kitobma-kitob bexulosa fikr yuritaylik-da, so’ngra bular majmuasidan qanday falsafa chiqishini ko’raylik.

“Qumsoat”

Tajribaviy kitoblar sirasidan birinchisi - “Pesochnye chasy” yo “Qumsoat” nomli kitobchadir. Bu kitob IMA-Press/Dablus nashriyotida atigi ikkiyuz nusxada chop etilgan bo’lib o’n uch betdan iboratdir. Kitobning mazmuni: “Chol va bolakay “ degan dostondir. Rus tilida yozilgan bu doston bus-butun o’zbek milliy borlig’i asosida hamletona masalalarni o’rtaga tashlaydi. Doston bir-birini eshitmayotgan bolakay va cholning iddaolari bilan boshlanadi. Doston davom etar ekan, cholu bola bir narsa haqida so’zlashayotgani aniq bo’lib boradi. Dostonning o’rtasida ularning so’zlari chatishadiyu ikkinchi qismda bora-bora bu cholu bu bola yagona bir shaxs ekanligi, faqat chol - bu bolaning uzoq kelajagi, bola esa - cholning uzoq o’tmishi ekanligi ayon bo’lib boraveradi. Shaxs ichidagi Hamletu, Qirol Liru, Romeo va Djulettalar o’rtanishidir bu doston. Dunyodagi bor fojealarning indallosidir. Ikkala tomondan bir-biriga yaqinlashib borayotgan bolayu chol dostonning so’nggi satrlarida o’lim evaziga bir shaxs sifatida quyushishadi - qum soatdagi qum zarralarining oqimi emas, ularni yopishtiruvchi xom va iliq qon bularga o’lim tanholigini bag’ishlaydi. Bu - dostonning mazmuni. Aslida bu doston ilgariroq, shoirning Toshkentda chiqqan “Pustynya” kitobida ham bosilgan edi, lekin Moskvada chiqqan kitobning shakli muhimdir, shakli.
O’n uch betdan har birida rus gazetalaridan kesilgan alohida-alohida harflar qumsoat shaklida: tepadan - torayuvchi, pastdan - kengayuvchi uchburchak sifatida yelimlangan, ya’ni har bir harf - bir zarra qumdir. Deylik birinchi betda qumsoatning tepasida chatishma ustida joylashgan “Ya” - “men “ harfi ikkinchi betda huddi qumsoatdagidek pastga tushib ketgan. Avvaliga deyali to’g’ri uchburchak sifatida joylashgan harflarga, varaqma-varraq sayin jon kirib boraveradi, ular junbushga kelib, o’z-o’zlaricha harf qofiyalari, ba’zan esa rasmlar tashkil qilib borishadi. Doston davom etar ekan, har bir so’z o’z shakli bilan o’z ma’nosini qaytarmoqchi bo’lgandek bo’ladi: deylik, “qiyshiq” so’zi qiyshayadi, “bog’” so’zi gullaydi va hok. So’nggi betlarga yaqinlasha borar ekan doston, harflar ham o’z so’zlaridan tashqari kutilmagan so’zlar tashkil qila boshlaydi, matn orasidan yangi matnlar chiqib boradi. Chol va bola ifodada berkitmoqchi bo’lgan narsalar harflarda namoyon bo’lib boraveradi.
So’nggi uch bet esa umuman, unli tovushlarning qandaydir yarim shakllariga undoshlarning urulishi natijasida allaqanday - gumonu tahmin qilina oladigan so’zlar hosil qilish mumkin - ulardan esa qumsoatning pastki qismiga muvassal ka-asnoni-l-minshor san’ati qabilida yozilgan forscha misrayu, buddistlarning hamda xitoylarning bir sanskrit, bir ieroglifda ifodalangan Mo’’tabar Yozuvlari qatori rus yozuvi asosida qurilgan o’zbek alifbesining qo’shimcha harflari, ya’ni Q, H, G’, O’ larning yarimtaki, kesilgan shakllari qulab tushadi-da - oqibat ulkan va go’zal ikki harf - BG - qadim rus yo slavyan tillarida xudoni anglatuvchi so’zga aylanadi. So’nggi betda birinchi bor rang ham paydo bo’ladi - bu boyagi aytgan iliq va xom qon chizig’idir. Do’zahdan jannatga - cholu bola orasidagi yo’lni anglatuvchi bu chiziq - “do r-A-Ya”/janatgacha/ so’zida “A” dan “Ya” - yoki “men” qadar bo’lgan alifboning so’nggi ko’rinishi, saf tortishi bilan tugaydi.

“Postfaustum”

 O’sha yili chop etilgan yana bir kitob “Postfaustum” deb ataladi. Bu kitob 365 nusxada Moskvaning “Miloserdie “ nashriyotida bosilgan. Kitobning shakli haqida ikki og’iz so’z. Oq harflar bilan “Postfaustum” deb yozilgan qora qutichaning ichida ayni shu qutichaning aksi bo’lmish muqovaning ichida kitobning - aniqrog’i “Pravda” gazetasining 5 moy 1954 yil /bu Hamid Ismoilning dunyoga kelgan kunidir/ nusxasi yo soni joylashgan. Demak, kitob o’rnida gazeta. Demak, 5 moy 1954 yil qanday bo’lsa - shunday - ayni o’sha sarlavhalar... Lekin diqqatliroq nazar solsangiz - “Proletarii vsex stran soedinyaytes’”degan shiorning o’rnida arabcha yozuvda “Bismillo” keltirilgan. Yanada diqqatliroq tikilsangiz - matnlar sarlavhalarga hecham munosib emasligini-da - ular shoirning she’riy matnlari ekanligini inkishof eta boshlaysiz. Sahifama-sahifa varraqlar ekansiz - to’rtinchi - so’nggi sahifa umuman gazeta shaklida emas-da: bor sarlavhalar sahifaning o’rtasiga surib tashlanib, sahifa katta bir she’riy sahifadek yozilganining guvohi bo’lasiz. Qarasangiz - boyagi sarlavhalar devormi g’ov bo’lgan markazning pastki qismida she’rlar umuman o’zbek tilidadir. Bu yerda bir iqtibos.
Bu kitobni men birinchi bor Hyotening shahri Vaymardan Buxenvald koncentracion lageriga borganda ko’z oldimga keltirgan edim. Hyotening o’zi zamonaviy Faustni yozar ekan, bu Faust qanday bo’lar edi? Asta-sekin kitobning g’oyasi miyamda pishib bordi. Pishib bordi deganim 1982 yildan tortib to 1992 yilni anglatadi. Aslida bu vaqt kitobning g’oyasini pishitishga emas, lekin noshir topishga ham talaygina sarflandi.
Hyotening Fausti bilan yaqindan tanishar ekanman, Faustning yo’li - tasavvufning tariqati bilan uyg’unligini topdim, Faust asarining tuzilishi esa - boring - Mantiqut-tayr tuzulishi bilan, yoki Xamsa bilan deylik, deyarli ayni. Xamsa tuzulishi dunyoning yetuk adabiyotlarida qaytarilishini men bir maqolada ham tahlil etgan edim. Ya’ni, insonning kamolotga yo’li bir. Shu ma’noda o’z Faustimni men bir tarafdan Tariqat asoslaridan kelib chiqib yozgan bo’lsam, ikkinchi tarafdan g’arb falsafasi mashg’ul bo’lgan g’oyalarga yo’rg’adim. Yirik ma’noda kitob 4 qismdan iborat. Ularni tasavvuf yo’lida talqin etar ekansiz: shariat, Tariqat, Ma’rifat va Haqiqat - qismlaridir. Ayni payt bu nafaqat shaxsning tarjimai holi, lekin she’riyatning o’zi ham o’z tarixini yozib borgandek. Bu bilan birga sarlavhalardagi ijtimoiy nomsizlik bosim sifatida Iblisona, Mefistofelona o’rin tutadi. Deylik, u avvaliga tashqi qoidalar shakliga aylanib, bu she’riyatning ma’nosiga qaramasdan satrida 34 belgidan - soldatsimon tuzib qo’yadi.
Bora-bora she’r qoidalar bilan til topishib, o’zining erkinlik miqdorini oshirib boradi.
Aslida bularning barini sharh etadigan bo’lsam, Tolstoy aytmish, ayni yozgan narsamni qaytadan yozishim kerak bo’lar edi, lekin deylik, ikkinchi sahifada she’r gazeta matni bilan ne o’yinlarga kirmaydi. Gazetadagi bir satr olinib uning o’zi qaytarilsa, bu bilan mutlaq qofiya vujudga keladi emasmi, mana shunday shakllardan - ya’ni gazeta satrlaridan - ularni qofiyalab - sonetlar, g’azallar, rondolar va boshqa shakllar tuziladi. Bu degani - shakl - mukammal, lekin bu shaklda shakldan boshqa ma’no yo’q. “Na Altay prishla dolojdanaya vesna/ Dnyom i nochüyu ne smolkaet rokot traktorov - bu satrlardan tuzilgan turlicha she’rlar Sovet davrining she’riyatini eslatmaydimi? Xullasi - inson, yo Faust Mefistofelga qarshi turganidek, shaxs ham ijtimoiy bosimga qarshi turib o’z erkini oshira-oshira - axir - toza she’r sifat - to’rtinchi sahifada gazetadan ozod bo’ladi. Nafaqat ozod bo’ladi, balki she’r ruscha-o’zbekcha mulamma’ yo shiru-shakar orqali umuman o’zbek tiliga ko’chadi. Xarflar o’sha-o’shayu, til - boshqa. Erkinlikning eng yuksak nuqtasi - bir o’zing sohib bo’lgan til... (Hamid Ismaylov, “O Postfaustume”, iqtibosning tarjimasi meniki - Q.K.)
 Umuman, “Postfaustum” chindan ham zamonaviy Faust qabilida yozilgan. Deylik, agarda Hyote bugungi kunda o’z Faustini yozsaydi, u ayni shu shaklda - gazeta shaklida yozar edi degan xulosa chiqadi bu iqtibosdan. Darvoqe’, muqovada bosilgan kichkinagina sharxda ham inson ongining kitobiy ongdan gazetaviy ongga aylanganini muallif e’tirof etadi. Hamid Ismoilning ijodi bilan tanishlar esa, uning o’z paytida “Literaturnaya Gazeta”da o’zbek romanchiligi xususida yozgan maqolasini esga olishsa, u maqolada shoir insonning psixologik borlig’i endigi kunda sociologik borliqqa aylangani haqida gap yuritadi. Bu fikr esa Postfaustumni yaxshiroq tushunishda ko’maklashadi emasmi.
 Sho’ro davrining Faustidir bu kitob. Faust bir umr qidirgan haqiqat sho’rolar davrida - tug’ilmasingizdan ilgari siz uchun tayyor bo’lib turar edi emasmi? Kitobni ochishingiz bilanoq paydo bo’luvchi “Pravda”, ya’ni “Haqiqat” so’zi shunga ishora emasmi? Kitobning o’zbek she’rlariga ko’chib tugashi esa o’ta ramziydir. Shoirning: Bir o’zing sohib bo’lgan til degani - o’zbek tiliga oiddir. Xuddi shu ma’noda bu sahifadagi boshi, ya’ni matla’si yo’q bir g’azalni keltirish maqsadga muvofiqdir.

 Kechau-kunduz ketimda sharpa yo josus nazar
 yakkalig’ holimni poylab kecha-kunduzdek yurur.

 Vahmu-qo’rqinchim nafasdek chun sayoz o’lsa, biroq
 men qadam bosgan yo’limning keti cheksiz laxm erur.

 Beshaning boshoq o’qidek, tog’u-toshning neshidek
 
sanchilur ikki kurakka bo’shliq ichra vahmi nur.

 Har chiroq o’lsa panamga berkinur ul soya jon,
 soyaga o’tgach chiroq ul jon tanamga berkinur.

 Orqanga o’gril! so’zining og’zi boru boshi yo’q, -
 o’grilib boqsam o’zimdin o’zga so’zluk yo’qturur.

 Ne ajab, vahmim ila mahv o’lmishimning o’zi vahm,
 
yuz ocha bir burda non ochun erur, do’zah - tanur.

 Ey oti o’zdin o’zuvchi, jismi shaffof, soyasiz,
 ko’rki paykon o’t aro qonim shafaqdek o’rtanur...


“Yo’qlik kitobi”

 O’sha yili Moskvada, aniqrog’i Kalugada chiqadigan birinchi rus she’riy jurnali VOUMning ikkinchi sonida o’zbek shoirining “Kniga otsutstvi” (aslida “Kniga otsutstviya” bo’lishi kerag-u, ya yoki men harfi/so’zi huddi betning chekasidan sirpanib tushib ketgandek ishlangan bu holda) - Yo’qlik kitobi chop etilgan. Rost-da, jurnal ichidagi bu kitob ham bor, ham yo’q. U - kitob, lekin ayni payt jurnaling bir qismi xolos.
 Yana qisqacha - kitobning shakli haqida. Sakkiz betli bu kitob o’zbek va rus she’rlaridan tashkil topgan. Ikkinchi betda betning to’rt chekasiga xoshiya sifatida bir she’rning satrlari yozilgan bo’lib:



o’rtasiga esa Navoiyning: Za’fidinkim men yururmen qo’l tayab devorga, - degan misrasi yozilgan. Bu yerda satrlarni aylanasiga yozishga to’g’ri keldi, aslida esa, aytganimdek, to’rt satr - bet atrofidagi to’rt bo’shliqning birinchi satrlari kabi uni boshlab berishadi, ayni payt ular betni bu bo’shliqdan asrab turuvchi bir devordir. Ana o’shanda nafaqat epigraf, balki bu devorlar orasida saqlab qolinadigan Navoiyning satri ham - vaqt devori orasida sha’mni o’ynatgan yelvizakdek to’rt orada o’ynab ketadi.
 Bu - she’rning faqat qurma tomoni. Agarda lafzu ma’no tomonini oladigan bo’lsak, avvaliga shuni e’tirof etish kerakki, Hamid bu yerda yozgan satrlarining qay biridan boshlamang - alohida bir she’r chiqadi. Bu esa biz uchun ayni Navoiy davrida keng tarqalgan she’riy san’atlar tomon ishoradir. Endi, bu satrlarning bari Navoiy satri bilan ham uzviy, alohidayu umumiy  bir aloqadadirlar.
Mana bir-ikki misol:

 Devorlarni buzgan vaqtmi o’zi bir devor
 za’fidinkim men yururmen qo’l tayab devorga,

yo

 
za’fidinkim men yururmen qo’l tayab devorga,
 paypaslasam chekalarada yelvizaklarning xo’rsinishlari  va hok.

 Aytganimdek, boshqa-boshqa satrlardan boshlangan she’rlar ham Navoiy satri bilan boshqa-boshqa jilolar kasb etadi. Ya’ni, oddiygina ko’ringan bu she’r koni o’yin, koni mavzudir. Lekin bunisi ham kosaning ichidagi nimkosasi. Agar kosaning o’zidan gapiradigan bo’lsak, boyagi bo’shliq, yo’qlik g’oyasiga qaytamiz. “Sharq Yulduzi” jurnalining 1994 yil birinchi sonida Hamid Ismoilning “Qoshi yosinmu deyin” nomli maqolasi bosilib chiqqan edi. Unda shoir o’zbek g’azaliyotidagi hajr, hijron, ayriliq, firoq g’oyasini mutlaq yuksakliklarga olib chiqib, biz aytayotgan yo’qlikka ulaydi. Shoir fikrlarini qaytarmaslik uchun o’sha maqolaga ishorayu-iqtibos qilsam-da, bu she’rning Yo’qlik kitobidan o’rin olganligi bejiz emasligini uqtirsam xolos. Birgina misol. Kitobning birinchi betidagi “Ya slovo pozabyl, chto On xotel skazat’” she’ri birinchi qarashda Osip Mandelshtamning “Ya slovo pozabyl, chto ya xotel skazat’” she’riga nazira bo’lsa-da, aslida kitob otining o’zidan yo’­olgan “Ya” ning o’rniga “On” - “U” ni ­o’yishi bilan mavzuni ilohiylashtiradi. Bu ma’noda “Starushka s fonaryom .... naoshup’ probiraetsya vperyod...” satrlari-da “za’fidinkim men yururmen qo’l tayab devorga” satri bilan allaqaysi aks-sado yo’lida bog’liqdir.
Umuman, bu zullisonayn kitobning o’zbek, qolaversa sharq klassik she’riyati bilan bog’liqligi kitobning kamida yuzdan elligini tashkil qilsa kerak, desam yanglishmagan bo’laman. Gap hattoki u yoki bu she’rning o’zbekcha yozilganida ham emas.
Bu she’riy ong ruscha yozilgan she’rlarga ham singib ketgan. Shuning uchun bo’lsa kerak, bu jurnalning so’ngida mualliflar haqida inglizcha qisqa ma’lumot berilar ekan, Hamid Ismoilni muharrirlar bunday ta’riflashadi: Rusiyzabon o’zbek Hamid Ismoilov Moskva va Parij fuqarosi bo’lib, nozik did va zakovatga boy she’riy turkumlar yaratadi. Bu asarlar ayni payt chuqur lirik unsurga ham egadir. Rus o’quvchilari uchun u ancha g’aroyibdir.
 Biroq yana bu mittigina kitobga qaytaylik. Kitobning shakliy falsafasi hali ham betayinroq bo’lib tuyilsa, bir misolda bunga aniqlik kiritib qo’ya qolay. Meni men istagan o’z suhbatiga arjumand etmas satri o’q sifat, bunaqasiga:

joylashtirilgan bo’lib, bu betda ruscha bir muvashshah she’r bordir. Bu she’rning birinchi harflaridan Haqiqatni undan izla degan ibora hosil bo’ladi. Lekin ayni shu she’rdagi har bir satr o’zining so’nggi harfini bet chegarasidan nariga, ya’ni sahifa tugagan, kesilgan joydagi bo’shliqqi tushirib qoldirgandek. Yanada aniqroq qilib aytganda har bir so’nggi so’zning so’nggi harfi kesib tashlangan. Lekin so’z bor ekan, bu harfni chiqazib olish ham mumkin. Deylik: mumki desak, n harfi tushib qolganini tushunib yetamiz, shunday emasmi. Ana shunday yo’q bo’lganu, ayni payt topila oladigan so’nggi harflardan, ta’bir joiz bo’lsa, bu muvashshah she’rning ters, aks muvashshahi paydo bo’ladi va bulardan yo’qlikda joylashgan Bunda hech narsa yo’q  degan ibora tashkil topadi. Bu ibora sahifada yo’q, lekin sahifadagi matn yordamida uni chiqarib olish mumkin. U - hisobu-riyoziyatga kirib borgan she’riy naqlga binoan: dildadir. Sahifadagi matn esa unga faqat ishoradir. Ana endi Navoiydan olingan o’qning ma’nosi ham lov etib yonib ketmadimi?!
 Mana shu yo’q bo’lgan borliq, bor bo’lgan yo’qlikning turlicha shakllarini kashf etadi Hamid Ismoil bu kitobida. Deylik, Kuz qo’shig’i degan she’rida har bir keyingi bandda avvalgi banddagi satrlardan bittadan so’z tushib qolaveradi. So’ngida esa har bir satrdan atigi sukunatning turlicha va kuchayib borayotgan sifatlari: jim-jitlik, lom-mimsizlik, sukut, sukunat so’zlari barglarini yo’qotgan daraxtdek karaxtlik olib keladi. Yoki, deylik, boshqa bir she’rida u maqol, ota so’zlari, naqllar kabi quyma iboralardan ba’zi so’zlarni qoldirib ketib - holbuki biz ota ........ qozixonami desak, go’ri so’zi tushirilib ketganligini osonlikcha chiqara olamiz - Hamid esa mana shu qoldirilib ketgan va matnda yo’q bo’lsa-da dildagi shu so’zlardan she’rlar yasaydi. Bu she’r sahifada yo’q, lekin u sahifada bor, shunday emasmi? Ya’ni, bir so’z bilan aytganda, Hamid yozgan matnlarini boshqa bir G’aybona Matnga ishora ekanligini xilma-xil yo’lda ko’rsatadi.
Hofiz esga tushadi:

 On kas ast ahli bashorat ki ishorat donad
 Nuktaho hast base mahrami asror kujost?

 Yana bir uslubu, bir sahifayu, bir she’rga to’xtalib o’tmoqchiman. U ham bo’lsa “Achchiq haqiqat” she’ridir:

Berkitishimning hech xojati yo’q...
men hozir albatta...(faqat
mana bu ertalabki qovushmas kezda
bir isqirt oshxona...(yag’iri chiqqan
xil’atda shum soya shaqir-shuqur
biriga birini...(yig’ishtirsa qo’li
akashak bo’ladimi? - deb
kechagimi yo o’tgan kungi...(bizlar
ko’payib ketyapmiz, zeroki... hatto
ikkimiz tushunmay...(o’z-o’zimni
men...to’xta-to’xta, demak men hozir
albatta...(vahima  vahima vahima -
orqaga qarasang uning ko’zlari
qaboqini yorib nurni paypaslar...(
men ham insonman-ku...(g’alayon saslar...
(men ham omonat-ku, - degan kezlari
...(shoshmay tur, shoshma, men hozir albata
so’nggi
 so’zni
 ochiq
 (...

 Bu she’r esa o’zi qavs shaklida, bir tomonga ochilgan qavs shaklida, ya’ni:

      

 Yana o’sha-o’sha shaklning mazmun bilan chambarchas chatishib ketishi: mazmun shaklda, shakl - mazmuniy. Bunda ham yopilmay qolgan, bitmas, tuganmas bir intilish bor, bu yerda ham mavjud she’r - boshqa bir narsaga - ochilayotgan qavslarning so’ngida - yopilmay qolgan va sado topmagan so’nggi haqiqatga ishoradir xolos. Boshqa bir shoir - Belgi aytganidek: so’zlar tugasa ham ularni aytishga mayl tugamas ekan...
 So’nggi betdagi she’r esa bu avjdan keyin kelgan sokin bir qaytishdek - ba’zi harflarini barg belgilari ostiga berkitgan ekan, bu xazonrezning o’zidan ham yana bir she’r chiqadi. Ya’ni she’r ichida yana bir she’r berkingan. Bundan na birinchi - ona she’r, na ichidagi ikkinchi - bola she’rning go’zalligi kamaymaydi, aksincha - ortadi, boyiydi, afzallanadi. Mana shunda - yo’qotish ham yo’qotish emas, balki topish ekanligiga taqalib to’ladi bu “Yo’qlik Kitobi”, chunki boyada barglardek o’z so’zlarini satrlardan yo’qotgan she’r endi bu yo’qotishda yana bir she’rga boyigan asarga aylanadi-da! shoirlardan so’zlay boshlagan ekanmiz, Hazrat Navoiyni tilga olaylik:

 Navoiy choradin ko’p dema so’z
 g’amingga chorasizliq chora bo’lmish...

“O’lik shahar kitobi”

 Bu kitobni men atigi bir bor, 1994 yil Sankt-Peterburgga Saltûkov-SHchedrin kutbxonasiga Navoiy qo’lyozmalari ustida ishlashga borganimda ko’rganman. Yo’q, bu kutubxonada emas, Anna Axmatova muzeyida. “Russkiy avangard XX-go veka” degan ko’rgazma ketayotgan ekan, ana shu yerda o’zbekcha yozilgan bu kitobni ko’rib fahrim emas, xo’rligim keldi. Nimaga deysizmi? Hozir ta’riflayotgan kitoblardan bexabarligimizdan. Tasavvur qiling-ki, men sharhlayotgan kitoblar dunyoning qaerlarida ko’rgazmalarda bo’lmabdi! Bu kabi ko’rgazmalarning avvalgi kataloglarini bir-bir varraqlab, o’zbekning bolasi yaratgan bu noyob kitoblar Pariju Lion, Manchesteru Varshava, Moskvayu Berlinda rus avangardining peshvosi sifatida namoyish etilganini ko’rib chindan ham xo’rligim kelib ketdi. Kim biladi bularni O’zbekistonda?! shunda rassom shavkat Abdusalomni-yu, kinochi Rustam Hamdamlarni ham esga oldim.
 
Lekin ehtiroslardan kitobga qaytaylik. Ana o’shanday kataloglarning birida bu kitob haqida uch tilda bunday deb yozilgan:
 O’lik shahar kitobi, Toshkent-Moskva, 1992.
Parallel o’zbek va rus matnlari. Chang muqova va muqova ichida 18 alohida bet. Bir nushada ijro etilgan. 297 x 255. Qalamda so’nggi betiga imzo chekilgan. Asosiy qism oq qalin qog’ozdan tashkil topib, o’zbek matni undan kesilib olib tashlangan. Rus tarjimasi rangli qog’ozda qalam bilan yozilgan. Muqova teridan ishlagan. Yuzaki, chang muqovadan ham kitobning nomi kesib o’yilgan.
Endi o’zim ko’rganlarimni aytay. Chindan ham qora teridan ishlangan muqova ustiga oq qog’ozda kiyim muqova ishlangan bo’lib, undan “O’lik shahar kitobi” degan so’z piskami, qaychi yordamida kesib tashlagan.
Ya’ni harflarning o’rnida shu harflarning shaklidagi bo’shliq. Oq qog’ozdagi bu teshiklar qora muqova ustida qora harflarga aylanadi. Kitobning o’zi esa - boyagi 18 bet aslida 9 betdir, ya’ni har betda shoirning “O’lik shahar” nomli to’qqiz qator she’ri har betda bir qatordan ayni o’sha uslubda - harflari o’yilgan, kesilgan, olib tashlangan holda keltirilgan. Mana o’sha she’r:

 Bu shahar - o’lik shahar
 tomlari bo’sh derazadek
 derazalari balki bo’m-bo’sh
 ko’chalardek
 lekin ularga ko’zim yetmaydi

 bu shahar - o’lik shahar
 chunki unda mening o’zim yo’q

 bo’sh uylarning biriga qamalib
 jasadim tomlarga qaraydi

 Rus tarjimasini bilmadimu, kitobni ochgach, oppoq sahifani varraqlay boshlar ekansiz, yo’qlikdan birdaniga mana bu satrlar soya kuchi ila birma-bir paydo bo’lib kelar ekan, chindan ham dahshatga tusha boshlaysiz, yo’q, yo’q, qo’rqinch dahshatiga emas - zehnli, zakovatli bo’shliq, yo’qlik dahshatiga, shoir ifodalagan noluzumlik, yolg’izlik kayfiyatidagi dahshatga. Boya his etgan xo’rligim haqida aytgan edim. Kitobni qo’limdan qo’ygach esa o’zimning ham mana shu o’lik shahar fuqarosidek his etdim o’sha onda, uyaldim, utandim, mana endi bu so’zlarni yozdim.
 Franciyaning Uzersh degan shahrida chop etilgan katalogni qo’limga oldim o’sha muzeyda.
Yana rus avangardining ne-ne otlari: Mayakovskiy, Malevich, Filonov, Rodchenko. Markazda esa yana yurakni jiz ettiradigan ot: Xamid Ismaylov - Hamid Ismoil. Bedarakligimga kuyukdim, bexabarlarni ayadim. Bu - o’zim ko’rgan kitoblar haqida yozdimu, qanchasini o’zim ham ko’ra olmadim - faqat o’sha kataloglardan o’qib qoldim.
Xabar topgan kitoblarimni o’zim ham tasavvur etishga tirishaman. Bularning biri P.S., ya’ni “Ilova” nomli kitob bo’lib uning muqovasi konvert shaklida ishlangan-da, lekin bu she’riy kitob tugab bo’ldi deb o’ylaganingizda, konvert, yo muqovadan ortib qolgan yana bir kitob, - oshgan xamir tog’oradan oshganidek - paydo bo’ladi.
Bu degani, kitobga sig’magan kitob ifodasidir. O’sha ilova kitobda xarflar ham bir-biriga ayqashib, oshib-toshib ketishar ekan. Kitobga intilishadi-yu, kitob yopilib bo’lgan-da!
 
Sharhini o’qigan kitoblarimdan yana biri umuman otsiz ekan. Bu kitob qalin kitoblardan bo’lib, ichi bo’m-bo’sh emish, ya’ni sahifalarda hech narsa bosilmagan-da, yagona bir she’r kitobning yon bag’riga chop etilgan emish. Bu degani kitobni yopiq holda olib, betlar to’plamining yoniga bosilgan she’rni tasavvur qiling deganidir. Kitobni ochar ekansiz, bu she’r yo’q bo’lib ketadi, chunki har bir sahifaning nimachalik ham qalinligi bor edi?! Lekin sahifalar bir-biri bila birlashganda ularning jam bo’lgan qalinligiga bu she’rni tamg’adek bosish mumkin. Bilmadim, kitobning falsafasi bu-mi ekan-u, lekin mening xayolimga avvalgi tajribalardan kelib chiqib, musulmonchilikda keng tarqalgan karomatu-bashorat: oxir zamonda kitoblarning harflari kitoblardan ko’tarilar emish degan narsa keldi shu zahotiyoq. Xuddi harflar chindan ham kitobni tark etib undan chiqib ketayotgan zamon, Hamid so’nggi urinish bilan ularni she’r sifat kitobning yonbag’rida tutib qolgandek...

“Xulosalar o’rnida”

Hay-barakachi tanqidchilarimiz, zotan milliy shoirlarimizning ko’pi ham bu kitoblarni “shu ham kitob bo’ptimi?” - qabilida ko’rishlari mumkin, hattoki - bu turgan gap. “To’g’ri she’r yozsa bo’masmikin?!” degan tanbeh esa naql shakliga kirib qolgan ularning orasida. Lekin mening ham samarasiz munozaraga aralashgum yo’q. Pushkin hamma xalqlar uchun aytganidek shoirni u o’z ustiga yuklagan qonunlar yordamida hukm etmoq lozimdir.
 Avvaliga o’yin kabi ko’ringan shakl haqida gap yuritsam. Bu kitoblarning shakllari o’zboshimcha emas, ularda shunday bir yaxlitlik borki, ular faqat mana shu, ularning ichidagi mazmun uchun yaratilgan. Bu ham aslida xato, ya’ni bunda men ham shaklning mazmundan ayriligi asosida gapiryapman, holbuki, shoirning tilga olingan kitoblarida shakl bilan mazmun shuchalik uyg’unki, birini buzsang ikkinchisi yo’qoladi. Biz she’riyatni til san’ati deb bilamiz, lekin til deganda biz faqat so’zu jumlani nazarda tutishga ko’nikib qolganmiz. Ana, boyagi aytgan tanqidchilarimu, shoirlarim ham bunga qarshi so’z aytmasalar kerak. “So’zlarini qarang-a, so’zlarini, toza topibdi-da!” - deymiz biz she’riy bir san’atga, istiorami u, yo tashbehmi, yo iyxom. Lekin butun boshli bir she’rning ham birligi bor. Bu degani insonning ham ko’zi yo burni chiroyli bo’lishi mumkin, biroq umuman chiroyli odamlar ham bo’ladiyu! Odatda mana shu yerda to’xtaymiz biz. O’zbek yo qolaversa turk tabiatiga noxos ravishda parokanda g’azalu, pala-partish turkumlarga qoniqib. Lekin kitob ham yaxlit bir narsaligini, kitob ham rivojlanuvchi, tirik san’at ekanligini shaxsan mening shuurim uchun Hamid Ismoil inkishof etib berdi.
 An’ana - yonib turgan sha’mdan oqayotgan mumga o’xshaydi. Olov yonar ekan, sha’m eriydi, mum oqadi, lekin oqqan mum shu zahotiyoq qotib qolishga moyil. An’ana ham shunday. Kitob deganda biz ikki muqova orasiga kiritilgan, “alif”dan boshlanib “yo” bilan tugaydigan bir narsani tushunib qolganmiz. Aslida bu hayotimizdan olingan bir o’rnakdir. Bosh bor, ket bor.
Orasi esa... Bir rus, aniqrog’i sovet latifasi tushdi esimga. Xalq qahramoni Chapaev qalin ro’mon yozib Petkaga topshirgan ekan. Ro’moningning birinchi jumlasi qanday? Men otga mindimu yo’lga chiqdim. So’nggi jumlasi-chi? Nihoyat men otdan tushdim. Petka orasini ochib qarasa besh yuz bet: do’kir-dukur - do’kir-dukur - do’kir-dukur - deb, otning yo’rg’alashi ifodalangan ekan. Bu latifa an’anaviy kitobing qip-qizil namunasidir.
Lekin bu kabi aslan bachkana shakldan xoli kitoblar ham bor tarixda. Bulardan biri mo’jizaviy Quroni Karimdir. Shaklan uzun suralardan qisqa tomon borar ekan, aslida esa bu suralarning vahiy bo’lishiga bu shaklning hech aloqasi yo’q. Uni Payg’ambarga vahiy bo’lgan tartibda o’qimoqchi ekansiz, boshidan emas-da, 96 Suradan boshlashingiz kerak. Undan esa tartibma-tartib borar ekansiz, kitob ichida o’zingizni yo’qotib qo’yasiz, qirq olti betdan so’ng kitob tugar ekan, qabilidagi fikrlar sizga xalaqit bermaydi, allaqanday ketsiz abadiyatga cho’masizki, uning hayot kabi uzilganini o’zingiz ham bilmay qolasiz.
Ayni shu kabi shaklni, kitobga yo’nalish emas, hajm berish uchun, Xulio Kortasar ham o’zining “Hakalak o’yinlari” kitobida qo’llagan. Francuz shoiri Stefan Mallarme ham butun umr ta’bir joiz bo’lsa “Mutlaq Kitob” yozish ilinjida yurgan. Bu kitob yoki bu matn ham boshlanmas va tugamas matn bo’lishini Mallarme orzu qilib yurgan. Yo’q, bundan men bularning bari orzu qilgan narsalarni Hamid Ismoil o’z kitoblarida qilib bo’ldi demoqchi emasman, aytmoqchi bo’lganim, Hamidning ijodiy urinishlari mana shu siradandir.
Hattoki boyagi kataloglarni ko’rib chiqsangiz, shunga amin bo’lasizki, qolganlar asosan faqat shakl bilan ishlaydilar, Ya’ni o’sha-o’sha kitobning muqovasini bir tegirmon toshidan qilib boqishadi, bir telefon dastagidan.
Bu - kitob rassomlarining ishidir. Hamidning qilgani esa - kitob falsafasi ustidagi, matn falsafasi ustidagi ishdir.
 Bu falsafa nima haqida o’zi? Bilmadim, muallif bularni nazarda tutganmi-yo’qmi, o’zim payqaganu mantiqan chiqazgan xulosalarim haqida so’zlay. Avvaliga har bir asarning yagonaligi, uning betakrorligini qaydu ifoda etadi bu ijod falsafasi. Gul ham shunday o’smaydimi: istasa chapga, istasa o’ngga, istasa devorga chirmashib, istasa yerga engashib yo tik qad ko’tarib. U yagonayu betakror. U insonning qo’liga oid nusxaviy mashinada ishlanmagan, u - yaratilgan. Bir bog’cha ko’rgan edim, gullaridan tirgovichlari ko’proq: ne qadar antiqa gullar o’smas edi bu bog’chada, lekin bog’cha badburush edi. Boyagi tirgovichlarning beso’naqayligi bois. Bog’bon esa bu gullarni chiroyliroq qilaman degan chamasi. Mana nima haqda meningcha bu falsafa.
E’tiroz tug’ilishi mumkin, asarning yagonaligi bilan shaklan o’ta mushkul, yoki to’g’rirog’i o’ta xos bo’lishining aloqasi nimada? Boya aytganimdek, shoir shaklni nafaqat satr yo she’r miqyosida, balki butun asarning borlig’i sifatida oladi. Mana shu borliq, yaxlitlik ham undagi ma’noning yakkayu-yagona shakli, qiyosi, tashbehi, istiorasi.
Yana bir narsaga diqqatni tortmoqchiman. Boyagi sharqiy-G’arbiy uzluksizlikka. Har bir ko’rilgan asar faqat g’arbona, yoki faqat sharqona uslubda yozilgan emas balki bu ikkala uslubni o’zida mujassamlantiruvchi ijodiy shaxs tomonidan yozilganki, chindan ham - o’z mutlaq intilishlarida insoniy adabiyot G’arbiy yo sharqiyga bo’linmasligini ko’rsatadi muallif. Insoniyat kamolot sari yo’l qidirar ekan, uni har yo’lda bir atab boqadi: kimdir uni tasavvuf deydi, kimdir ekzistencializm yo dekonstruktivizm deb ataydi. Yana Mavlono Rumiy rivoyatini eslash kifoya.
O’zbek milliy ongi uchun nimada ahamiyati bu tajribalarning? - deb so’rashingiz mumkin. Maydalamasdan bunday deyishim mumkin: o’zbek milliy ongining o’zi bu - mazkur tajribalar. Ya’ni, o’zbek milliy ongi deganimizda mudom qotib qolgan narsani tushunmasligimiz kerak, u ham o’zgaruvchan, o’z-o’zini tergovchi, hayot bir narsa. Ta’bir joiz bo’lsa, boshqa bir shoir Belgining: “chang’idagi odamdek sirpanib yiqilmaslik uchun, oldinga yiqilib sirpanaman”, so’zlari bu ongning oniy chizgisini belgilaydi.
So’nggi payt o’zbek she’riyati allaqanday inqirozga yuz tutgandek. Sho’rolar davrida har narsa aniq edi: yo Lenin, Partiya, Vatanim deb yozar eding, yo iymonli bo’lsang - berkitib-yashirib islomiy ishoralaru, o’zbekchilik imolarga to’ldirar eding she’ringni. Falonchi shoir zo’r yozibdimi - o’rislarni bo’riga o’xshatibdi, anunisichi - boqqa kirgan to’ng’izlarga chog’ishtiribdi - zap shoir-da! - deyilardi o’sha paytlarda. Mustaqillik bir francuz shoirining: “qo’llarimga tushdi erkinlik”ta’biricha, nasib etgan ekan, birinchi turdagi qofiyabozlar Leninni Amir Temur bobomizga, Partiyani mustaqillikka, Vatanni - O’zbekistonimga almashtirib olib - hech narsa yo’qotganlari yo’q, lekin chinakamroq shoirlar sarosimaning bir turiga duchor bo’ldilar. Ular pinhonan, vaqti kelsa erkini garovga qo’yib kuylagan g’oyalari endi boyagi qalam epaqaylarining tillarida, qarshilikka o’rgangan bular esa teshilgan koptokdek endi. Bu ma’noda mustaqillik she’riyatga she’riyat maqomini qaytarib berdi. Endi she’riyatning kuni siyosat bilan emas, she’riyatning o’zi bilan shug’ullanishga qolgan o’xshaydi. Shu asnoda ilgari ham she’riyatning chin maydonida ishlaganlarning tajribalari asqotadi endi. Bu maqolamning qahramoni olib borgan tajribalar yangi ongning shakllanishiga, o’zgarishiga sezilmas, lekin kechilmas turtkidir.
 
Qanday o’zgarishlardan dalolat beradi bu tajribalar? O’zbek milliy ongi shaxsiyatdan ko’ra ummaviylikka, jome’likka moil ongdir. So’nggi yillarda ko’plar qatori, jumladan mening o’zim ham, mening qahramonim ham bu haqda ancha-muncha yozdik. Shu gapning o’zida ham nima haqda gapirayotganimning asoratlarini ko’rsangiz bo’ladi. Shoir bizda o’zining yozgan she’rlaridan muhimroqdir - u butun jamoa uchun shoir ro’lini o’taydi. Uning oldiga beli og’rigan otaxon kelib: Bolam, mehr-oqibat to’g’risida yozgan sen bo’lasanmi? Seni tanimagan odam yo’q, shu degin balnisaga yotqizib qo’ymaysanmi meni?! - deydi, yo sochini qirqib ota-onasining qahriga duchor bo’lgan oqpadaru-oqmodar qiz, oqib ketgan sochlari ketidan sim-sim yoshlar oqizib shoirga maktub bitadi, oqibatda boshqa qizga uylanib ketayotgan yigit esa to’y oldida yiqqan-tutganini belvog’iga tugib, to’yimga bitta zakaznoy she’r yozib berasiz! - deb shoirning yo’lini to’sadi!
 Bu - she’riyatning og’zaki, an’anaviy uslubiga tayangan shoirlarning qismatidir. Shoir - bu baxshi, shoir - bu shifokor, shoir - bu olim, shoir - bu yuragiga hammani sig’dira oladigan Xudoning yerdagi ezgulik soyasi.
 Holbuki, o’ziga sal tanqidiy ko’z bilan boqqan har bir shoir - bu holatning hozirgi kunda o’ta kulgili ekanligini tushunishi shubhasizdir. Shoir ham hozirgi hayotda - atigi bir inson. Faqat she’r yozadigan inson. She’riyat allaqachon yozma ravishga ko’chib bo’ldi. Endi shoir butun bir boshli dunyoni tuzatish bilan emas, atigi o’zini tuzatish bilan mashg’ul bir insondir. Butun bir boshli dunyo shoir sa’i bilan tuzalsa edi - Hakim kitoblarning bari yozilib bo’lgan - ol-da - ibrat qilaver!
Qani endi bunchalik oson bo’lsa ekan. Unda har bir nasl avlodu-ajdodlar peshanalarini g’o’rra qilgan joylarga qayta-qayta qoqilmas edi!
Shoir o’zining shaxsiy ongiga qochyapti: “biz” degan narsa qolmagan endi shoir uchun, shoir uchun faqat “men” degan narsa bor! Ana shu “men” degan narsaning yumshoq-qattiqligini, katta-kichikligini, ezgu-yovuzligini, xush-badligini tekshiradi, sinaydi o’z tajribalarida menimcha Hamid Ismoil. Shu yerda men ham targ’ibotimga nuqta qo’ysam.

Rost, bir istiholam bor. Bu maqolani jo’nroq yozdim. Hali ham - o’quvchimiz hazm qila oladimi-yo’qmi degan mulohaza ko’pgina kuzatishlarimga jilov solib turdi. Bu tajribalar - nafaqat o’zbek milliy ongi uchun, yoki nafaqat o’zbek adabiyotida yuz berayotgan, balki dunyo adabiyoti miqyosida ham yangi so’z ekanligini aytishga va isbotlashga jazmu-jur’at etmadim. Lekin iftixorim shuki Hamid Ismoil bu istiholalardan xoli.

 Farg’ona shahri


[1] Aytish kerakki, balki kitobning o’zida buni tilga olmaganligim tufayli ayni shu Hamid Ismoil o’z vaqtida kitobimga yagona tanqidiy taqriz bilan chiqqan edi. har qalay bu taqriz uchun ham unga qo’shimcha minnatdorchiliklarim.

íàâåðõ



SpyLOG

FerLibr

ãëàâíàÿ   |   íà ñàéòå   

© HZ/ DZ, 2000-2001