index page

Hamdam Zakirov's Literature Archive (in russian)


FerLibr

ãëàâíàÿ   |   íà ñàéòå   


ãëàâíàÿ
íà ñàéòå

BELGI:
Yo'l

Shoir Belgini men uchinchi daf'a o’quvchilarga tanishtirmoqdaman. Birinchi bor "San'at va adabiyot" haftaligimizga bir dasta she'rlarini – darvoqe' haligacha bosilmagan – jo’natar ekanman, bunday deb yozgan edim: "Saksoninchi yillarning so’ngida Moskvadagi Yozuvchilar ittifoqining o’zbeklarga ajratilgan katak xonasida Sobit-aka Madaliev bilan she'riyat haqida baxs qilib o’tirar ekanmiz, Moskvaning qorong'u izg'irinidan bir daqiqaga eshikni qiya ochib, o’rta yashar va xushqiyofa bir kishi ko’rindiyu: "Bu o’zbek adabiyoti vakilimi?" – deb so’rab qoldi. Nima bo’ldiyu, Sobit-akamlarni kotiblardan biri chaqirib qoldi-da, xonada ancha vaqtgacha ikkimiz sukunat saqlab o’tirar edik. Ko’chaning ko’m-ko’k zimistonida sap-sarig' qor yog'ar, yigit nedandir iymandi-da – "Mana bu she'rlarni olib kelgan edim" – dediyu, allaqayga ketayotganini bildirib xayrlashdi..."
Yana bir bor Belgi haqida yosh munaqqid Quvanbek Kenjaning mashhur "She'riyat izg'irinlari" kitobiga yozgan taqrizimda to’xtalgan edim.
Zikr etilmish shoir – Belgidir. Mening o’zim uni faqat bir bor Moskvada, rassom Shavkat Abdusalomning ustaxonasida uchratganman. Uchrashuvimiz, ruslar aytmish, ancha "g'ijim" chiqib, undan qolgan xotiram – Shavkat Abdusalom qo’limga tutqizgan bir dasta she'rdir. 
Quvanbek, chamasi, Belgini yaqindan biladi. Har holda u o’z kitobida shoirning menda bo’lmagan she'rlari bilan bir qatorda uning hayotidan ham ancha-muncha ma'lumot keltiradiki, istagan o’quvchi bir qancha bobdan Belgining nafaqat she'riy, lekin hayotiy suvratini ham osongina chiqara oladi.
Belgi – makon kezgan shoir, – deb ta'kidlaydi muallif. Uning O’sh yo Ko’ktepali, Moskva yo Xoqosiston, Fontenblo yo Bambergda yozgan she'rlari – yo’lga ochiq bir o’zbek ongining va ruhining kechinmalaridir. Yo’l asti Belgi uchun kilometr yo chaqirim xisobidagi masofaga chaqilmaydi, bu yo’lning ma'nosi orifiydir, mistikdir. Biroq shoir uchun yo’lu masofa kezishdan yana unumlirog'i, Quvanbek e'tirof etganidek, "vaqt kezish, to’g'rirog'i, vaqt oqimidan kechishga intilish, til kechishdir".
Bu ham, afsus, chop etilgani yo’q. Uchinchi bor Belgini o’quvchilarga tanishtirish niyatida ekanman, bir tomondan: "bu gal ham bir kasofat urib bu taqdim ham yuzaga chiqmasaya" degan xayol xushimdan kechdi, biroq she'riyatimizga xos yana bir fikr: "ayriliq qanchalik o’zoq va achchiq ekan, uchrashuv shunchalik shirin va azizdir" fikri meni xiyla ovuntirdi.
Belgi she'riyati haqida gap yuritmay. U o’z she'rlarida namoyon. Bundan tashqari kitobga Quvanbek Kenjaning sharhlari ilova etilgan. Mening vazifam – faqat bu "Yo’l" boshidagi pardani ochish xolos. Tanishing, Belgi.

Hamid Ismoil

Soyabonim, ushlama meni,
bilasan-ku, yulduzning eni
nur qulochi bilan teng emas,

qo’yib yubor meni, moviy nur,
qora soyam yerda o’rtanur –
men mastmanmi, yoki yo’lim mast?

Qor oqadi... Yer oqu qora,
men degan so’z – mendek sayyora,
sen darz ketgan ko’lmakdek mudom.

Soyamizga qoqildikmi, yo
muz mardumda eridi ro’yo –
uyi ko’chib chiroq tutgan tom...

***


Berildi: kech, shamol, dengiz bo’yida
oilaviy sayr, yomg'irning hidi
hnegadir paxtada kutilmagan dam
olish kunini eslatadi, qum
g'uvillab: "Kas tu esi?" – degan savoldek
qayinlar tagiga shoshilinch g'oyib
bo’lgan odamning ko’lankasiga
qo’shilib ketadi...

Isbotlash lozim:
Bularni barini birlashtirib, so’z
o’rnida go’yoki hech kim hech qachon
topmagan narsani topib bergum men...

Isbot:
kech, shamol, dengiz bo’yida
oilaviy sayr, yomg'irning hidi
negadir paxtada kutilmagan dam
olish kunini eslatadi, qum
g'uvillab: "Kas tu esi?" – degan savoldek
qayinlar tagiga shoshilinch g'oyib
bo’lgan odamning ko’lankasiga
qo’shilib ketadi
................

***


TERMA

Maskovdami, Toshkanda
yuzma-yuz o’tirganda
kirlangan yuragimni
ishqab-ishqab tozalay.
Ozoda ko’ngil bormi,
oqqan qon yoqqan qormi,
bu dunyo menga tormi, –
qay biridan saralay?

Kunlarni tayini yo’q,
tunlarni poyoni yo’q,
pullarni tiyini yo’q,
unlarni mayini yo’q,
tillarni o’yini yo’q,
qumlarni quyuni yo’q,
sirlarni ayoni yo’q,
cho’llarni qayini yo’q,
so’zlarni qiyini yo’q,
bularni sayini yo’q,
yo’qsa yor-yor, taralay!

Otangni siyla desam
odim otar uchqur ot,
onangni o’yla desam
qush qoqadi qo’sh qanot,
elingni so’yla desam
o’z-o’ziga elim yot,
o’zing ham bo’yla desam
mendan badtar bu hayot,
bu hayotni o’lim ham
eplay olmas harqalay.

So’zim vaqtu, o’zim – kun,
kunga sig'mas vaqt – sukun,
ip tugub tugun-tugun
suhan terdim bir talay.
Mayli tersam, terganda
Maskovdami, Toshkanda
topganimni na qilay?
Balki galvarz yo g'ilay
sham ushlagan bir banda
kabi vatan va tanda
eshik tomon zormanda
tisarilib yo’rg'alay?

Bila bildim, ne bilay...

***


Shohimardon oydinda ma'yus,
soyda oy-la soya yuzma-yuz,
bir biriga intilsa
qirg'oq –
tog' bosadi: senimi,
dayus...

Yo’lida o’ltururman kech
chekib turli xavotirlar,
quyoshim yerga botgaymu
bu qo’sh qirg'oq – bu sho’x qo’llar
kir chayarmu
yarim chelak
suv sepilgan changli yo’lak
qurib qatqog'lagan chog'da
ko’zimda yoshim qotgaymu

Ko’zi ko’rko’z o’rik yanglig'
quyoshni yamlasa zulmat
tanazzulga, kuzak mezoniga ko’chmakni xush ko’rgan
ko’zimning oqchig'i – bu oy
nigoximni kuzatgaymu


Qorong'u yo’l
qaroq yulg'un
ko’ngul sen muncha entikding
qazo deb qo’rqqaning – bu tog', ajal deb shoshganing – yulduz
sanga savdoi sardoring – ko’zu jon tikmading-tikding –
sangu sayyora sotgaymu

Eshik ilgaklari qarmog'idan xoli bu sur cho’rtang
bu surmasoy suzulgan ko’z
butun bu tun qarorida
qarovsiz soy
o’tar umring
ketidan to’rni tortgaymu

Bu marmar toshu, bu qabru, bu oqshom yangragan Mashrab
seni daydi xayolingda
bu manzilni uyg'otgaymu
Teraklarda yuvilgan kir qurub oppoq bu choyshabda
Shohimardon tong otgaymu?

***


Ko’ngilchan sayr

Tabiatning namozasrida
allanechuk parishonxotir,
yo’q, yo’q, tarqoq, o’zidan ayri
bir necha on bordurki, unda

daraxtlar bog'idan ayri, qayinlarda sarig' barglar
yashil yaproqlara boqmas, uy-itlar bog'idan ayri,

bulutlar o’z yo’liga, yo’l bulutlarga qoqilmas mix,
yo’lakda nomidan ayri, so’roqlar nomiga ayri

o’zimdan o’z-o’zim ayri, o’zimdan o’z-o’zim o’zga,
bu Senmi desamu, Sendan o’zimni tutmasam ayri

bu damning hajri ham ayri
misoli mix qoqib toqqa
qo’lingni timdalab toshga
qadam
ketidan
qadam
bulutlar sari, muz bosgan cho’qqi sari
sarig' quyosh sari
bosgan keraksiz, titilgan odam
birdaniga
qulasang –

ovoz
sendan ayri aylagu parvoz...


jurup juregimey jig’lar ay astinda

Mening ham bu jahonda...

Bu sahar ruxsorini ko’rguchi ko’zgu uzra men
sarig' yaproqlaru
bu safar raftori mezonning – yana xushtorligimni
payqadim.

Mening ham bu jahonda...

Poyqadam bosgan kuzak birla yurish mushkil emas
mast bo’lib harne xazonga bu hazin ko’nglim egiz
yur ketaylik deydi u
siynangga sanchgudek bigiz
nedur ushlaydi seni

hedur ushlaydi-ku nedur misoli randadek botgay
po’stloq otliq ayriliqdek bu xazon to’lgan yurak
yur ketaylikka quloq solgan – osilgan shom terak
osoyish soyang sening

Siljimas kunga bu kun sig'may qalashsa ustma-ust kunga yana kun
sen botib qolgan hayotning qaxrabo qo’ng'izlari
bargidan xoli terak shoxi arolab izlarida
men ham qolgum.

Mening ham bu jahonda gung boqishdek ishqi zorim bor
mening ham osmonda kun botishdek yuz qizorim bor.

***



Uzuntirnoq poezd tovushi...

Hozir tushib yarim yo’limdan:
"ertaga men yetib boraman..." –
deb uyimga sim qoqsam, shunda
bu bosajak bir kunlik yo’lim
neni anglatarkin? hatija aniq,
vaqt belgili, oxiri – ....

faqat cholg'ularning sozamdalardan
balandroq nuqtada uzilgam va jam'
bo’la olgan kuyi – boshi esimda
yo’q, so’ngi esa menga noma'lum:
balki sukunatdir, ehtimol – ....

eski ola-gaston tartibsizlikdan
yangisini yasash – bu balki yashash,

hilpiraydi, qanot qoqib qo’l
cholg'uchining kuyi – temir yo’l
ikki ketdan bir-birga tutash...

uzuntirnoq poezd tovushi...

***

Isbot

Tungi dengizdagi kemada yongan
zaif chiroqlarning taasuroti,
zulmatli osmondan tusha bilaru
ha desa tushmagan zotlar qo’rqinchi,
darvoqe', ertalab soqol olishim,
oynaga qarashim, oyat o’qishim
Iz-axrajatul-ard-asqalaxa
ha, bu hayotimga dosh, havola har
bir narsa birlashsa, bir nuqtaga jam'
bo’lsa bo’lsin birlik arabmi – ajam –
bari bir, bari bir, bari bir birlik
bularning bariyu, men – nurga ko’rlik,
chiroyga – erktalab, erkka – xokisor,
ezgulikka – mag'rur, g'ururga – bezor,
o’ziga so’zi teng bo’lmagan mahluq
dunyoning nokomil shakliga qulluq
qilsam-da-qilmasam – u bor va men bor,
gumonim: Holiq ham oramizda zor.

Tungi dengizdagi kemada yongan
zaif chiroqlarning tebrangan nuri...

***



bu shahar – o’lik shahar
tomlari bo’sh derazadek
derazalari balki bo’m-bo’sh
ko’chalardek
lekin ularga ko’zim yetmaydi

bu shahar – o’lik shahar
chunki unda mening o’zim yo’q

bo’sh uylarning biriga qamalib
jasadim tomlarga qaraydi...

***



Kechasi uyg'onib, "yigirma bir yil
o’tiptiya!" degan mungli va sarxush
xayolni tuydimu, o’zimga "buril!"
deboq qayta ko’rgu istagandek tush

yoki tushni qayta ko’rmak istagu-
chi betayin tomo-shab-in-dek chap yon
yotdim, ammo uyqu o’chib juz qayg'u
chap yonimdan turdi, yelkaga chopon

tashladi-da, oydin deraza parda
orqasiga o’tib, avval ko’chani,
keyin allanechuk beyupanch dardda
mahalla-kuyniyu, sungra, kuchanib,

bir ho’rsingach, butun boshli qishloqni
to o’sha yobonda nuralab bitgan,
to o’sha aslmi, to o’sha – lofmi,
to o’sha yigirma bir yil umri kam

maktabga, maktabga, maktabga qadar
olib ketdi. Olib ketdi. Kechasi
uyg'onsam – boshimda "laylatul kadar" –
"laylatul-qadr"ning soyasi, sasi...


2

Yo’q. Hayot parchalanib, bir bo’lagini
ikkinchisiga chegala olmay, parokanda tushlarda
Toshkentning atigi bir ko’rimli joyi –
unda yo’q xashamatli tosh qasrlaru, butxonalarini
tosh        tosh        tosh

ko’ra        turib

hayit oldi kechasi – chinmi, yolg'on arafa tuni
beshta o’g'il-qizli, ikki kelinli, ikki nabirali
hasiba holamning (to’qqizinchi sinfda o’qib yurgan qiz:
"Bolta degan bola orqamdan kelib..." – esingdami,
unda sen go’dak eding: chap yoningda yotsang kichik bir ko’zgu-
sini asta yuzingga tutib: "Nega uxlamayapsan, ayyor?"
degan holangda...) uyida –
ertasi rahmatli Rahim
tog'angning birinchi hayiti –
birdan
uyg'onib
"yigirma bir yil o’tipti-ya!"
degan mungli, purqayg'u
fikr suvlarida – xuddi sharshara
o’z tubini o’yib, yanada chuqur
xasrat og'ushiga tashlagandek suv –
ich-ichingni yeysan, yeganing sari
ertongda zol falak – so’qir va bukur –
bit boqib qon so’rar, senga boqmas u...

***



yomg'ir yoqqan kunlari

va yo

cholg'u maktabida bolani kutish

va yo

ilmi nujum bobida achchiq xayollar
bexosdan qoqilish
yoki
ostonadan xatlash, tushda xat olish,
Shamshodning uslubi,
yurtda tarqoqlik
taq-taq qadam
sim-sim simlar
sil
sil-a

garchi bo’m-bo’sh so’zlarni bir biriga ulab
ularning yig'indisini hayotinga oqlov bilar
ekansan, nechun "iyak tirash", yoki "sim qoqish",
yoki
anjum yoqqan cholg'u kunlari...

***



Nimalardan oqmas ekan yosh...

bo’sh xonada bahodir yo’ldosh
yo’ldan xorib tizzasiga bosh
qo’yib yana bir-ikki bevosh
darbadar-la davra qurganmish

usmon erkin hamid munojot
jo’n so’zlarmi yo qarovsiz ot
orasida sharobdek hayxot
gazetaga to’kilar xonish

qotgan nonu tutumsiz tutun
tuhum po’choq kitob – bir titim
tomoqlarga sig'magan qultum
qo’y, yig'lama, hammamiz yetim


shakkardek sog'indim

to’ti kabi

yo’qdur halovatim...


Ayt Munojot, ayt gunohkor qiz
bu gunohga botdik barimiz
bu hayotda qolmas izimiz
bor gunohni tengga bo’l Munoj,

mayli endi, bo’lar ish bo’ldi,
paymonalar sharobga to’ldi,
o’tirganlar tiriklay o’ldi,
o’lim topgan topmadi iloj.

Unga yetmas hechkimning uni,
ship osmondan bormikan qaytim?

shoyadki bo’lg'ay bir kuni

elga shikoyatim...


Bir kun ruhim o’zga dunyodan
bu xonani topolsa yodan
to’rt arvohni yasab ro’yodan
hom sharobni o’rtaga tortar

O’rtaguvchi – biz emas – o’zga
O’ ham shunda tashlanmay ko’zga
balki pinxon rahm etib bizga
azob kabi bu kuyni tortar

Vo-ey, vo-ey vo-ey...

***


Bu safar aytadiganimning ham
hech ma'nosi yo’q...

yana qayta o’sha-o’sha joy
o’sha yomg'ir o’sha bo’tqa loy
o’sha tomlar o’sha manzara

o’sha-o’sha g'amgin turishim
simga iliq qurib bitmas shim
o’sha-o’sha baridan sara
shu makonga bog'likdek tuyg'u

aniqrog'i o’sha-o’sha o’y,
o’y ham emas – achchiq va xushbo’y
shu makonga bog'liq bir gumon:

makon qaytib, qaytmasa zamon,
oraliqda ne istar hamon
elvizakka nom bergan qayg'u...

***



Bu borliqda bir adashish bor

zor bo’lganga zor bo’lmaydi yor
er qumsasang yo’q senga diyor
va hokazo... qolgani aniq.

Lekin yuragimning tubida
huddi quyosh quduq suvida
aks etgandek – aksmi, obida,
yo bir dog'mi, yo bitmas og'riq
lippilaydi. Men uni paqir
tashlagandek, ovlayman, axir
so’zma-so’zlab sirg'anch va og'ir
allaqaysi hisdek tortaman.
Qani endi bu og'riq tamom
bo’lsa ekan. Qorachig'dan ko’z
suvi kabi oqadi ariq.

Bari aniq:

u – so’z, bu – og'riq, –
unday desam "og'riq" ham bir so’z...

***

esgan shabboda
baland tokning tepasida

nega fikrlarim senga ilashdi
ich-ichimda yosh yoshimu so’ngim talashdi

baland tokning may yoshidan

kechgan shabboda

***



erga ko’milgan
o’ttiz uchta suyakning
boshiga borib

erdagi o’ttiz uchta
suyakni
jipslashtiruvchi

birovning uyini ijaraga
olib
yashab yuruvchi

tomlardan tomgan chakka
erlardan ungan o’tlar

***


Ey, Fuzuliy, chashmi giryoning kerakmazmu sanga...

Sandiraqlab yurish

yoz keldimi
umringda yana yigirma beshta
kitob yozasanmi xiyobonda
ola-bo’ji tosh haykallar orasida
quruvchilardan qolib ketgan bir
beton bo’lak haykal-paykal nomini
chippakka chiqargani-
dek ha dek deyaqol chunki
fikr tugasa-da uni davom ettirishga
mayl
tugamaydi
oshxonaga kirsammi qotgan
ensamni
choy bilan suyultirib
dek fikrga quysammi

bu yerda hech kimga keraging yo’q seni
bu senga hech kim kerakmasligining
yo 
b
o’
y
i

yo e n i...
Toshkent ko’chalari

***



yaxshi ko’rgan qizim ishlaydigan yer
mening ishxonamning derazasidan
ko’rinib turipti

yaxshi ko’rgan qizim to’rtta tom nari
qutichaga o’xshash beton binoda
bu so’zlarni hecham hecham eshitmas

yaxshi ko’rgan qizim kirar tushimga
yaxshi ko’rgan qizim – zarar ishimga
yaxshi ko’rgan qizim

to’rtta tom nari
meni tanimaslik uning hunari...

***



dorboz ko’rdim dori yomg'ir berar bulutning
o’rnidagi sarig' rangli kun botar chog'i
bo’shliq uzra uchib yurgan uch-to’rt qaldirg'och
qanotiga bog'langanmish

men esa yerda
dorga chiqqan bolalarning dorga osilgan
otasining tanasidek yengil va beiz
yurishidek ucharmishman

so’ng esa yerga
yer ostiga pilapoya aylanasini
soqqa kabi temir og'ir yumalab ketmish
oyog'im-la dukur-dukur hisoblab boqib

zindondagi maxbuslarga yetib bormishman

dorga chiqdim yerga kirdim
tushda uyg'ondim
uxlamasdan tush ko’rgandek bu tushdan tondim
maxbus ko’ku dorboz yerni yosh ila qorib
bu xamirdan yopilmish non men deb inondim...

***



Safolmi, chinnimi, shisha likoblar
tushda bir-biriga urilib singanida
avvaliga qo’rqinchu umid
so’ngra ishonch
ketidan – uyg'onish aralash amniyat
sezasanki

o’ngingda ular bus-butun
ha, ular bus-butun

Demak bu hayotda sindi degan ko’ngling ham
siniq ruhing ham
aslida butun

va bu safolning
chinnining
shishaning egasi
bundan chiqdi
uxlayversa buladi bu tun...

***




bu bo’shliqning –

uni tuldirib
xilma-xil nom bersam ham
bir-dir sirasi –

taqdir bilan tadbir orasi...

***



bilaman, bilaman oramizda hech
narsa bo’lmaydi-ku, lekin har kun kech
tushuishi bilanoq qamalib uyga
toliqaman, talanaman, tolaman o’yga.

Bir o’yga tilanib qolaman har kech –
bilaman, bilaman, oramizda hech
narsaga o’rin yo’q, bu o’rin – bo’sh yer.
shunday ekan – peshmi bu o’yu, bu she'r...

***



nahotki hech qachon bu qiz bilan men
bir og'iz gaplasha olmasam, deya
kuyukib yurganim...

bexosdan tek suhbat...
nahotki bir narsa o’zgarsa, balki
avval chala o’lik bo’lsam, endi o’ldim men.

Ko’rpaga boshini burkamoqchiyu
ko’rpani boshiga tortgan sohildek
dengizni ustimga tortaman...

***



Ko’ktepali

...birodarim. Bu yerlarda bundan tashqari
kechki paytda to’p-to’p odam misli tosh qora
yuzlarini chiroqlarning o’lik nuriga
chayib-chayib, dengiz kabi, har gal nariga
kirlarini osmoqchi bir uy bekasidek,
uloqtirish payidadir. Joy bekasidek
men ham to’p-to’p olomonda o’rnimdan xoli
bo’lgan ruhdek izg'iyman. Ruh – joyning shamoli.

Ertasiga yana o’sha eskiyu qari
tashqarilik – sen bundayu, bundan tashqari
senga qarshi derazayu, derazadagi
tippa-tik sarv, sarf etilmas osmonning tagi,
kemadagi karnaylaru, sayyor va'dalar,
yangi bir kun. shipga boqsang – to’p uvadalar –
ravaq-ravaq bulutlardan olgandek o’rnak –
qalamingdan tomizadi: yashash – bu ko’rmak.

Yo’l yuramiz, dengiz bo’ylab tog'u toshlarni
depsab o’tib, bir hayotu, undan tashqari
bir o’limga ega bo’lmish Kimeriy shoir
daxmasining tepasida bu ishga oid
guvoxlardek, shahidlardek, toshlarga qasam
ichuvchi bu ko’z yummas kun, bu keng, beqasam
chopon kiygan dalalardek "fisabilloni"
o’qimoqchi bo’lamizu, fikrlar soni

huv pastdagi dengizdagi to’lqinga qarab
bir-biriga ayqashuvchi, bundan tashqari
bir-birini bosib, buzib, bo’rtgan bulutlar
soni kabi qo’zg'olonlab, miyamni talar.
Ana shunda tosh ustida:"ahtarib keldim
seni" degan so’zlaringni ma'nolari tim-
qora toshdek jam' bo’ladi va senga kerak
so’z topilar. Sen qidirgan so’z shaksiz – "kavak".

Sen kavaksan, ko’zlaring bo’sh, undan ishqoriy
suvlar tomar, shapalaklar sendan tashqari
tomon qochar chiyilashib, ich-ichlaring tosh.
Havo zumga bosh suqadi, lekin bosh bardosh
bera olmay mag'lub bo’lar, qolgan kuning shu...
Tik manzara. Kavak qoya, sirpanchiq sho’r suv
manzarani chayib-chayib, kirdek yuqori
irg'itadi. Lekin bular – mendan tashqari,
birodarim...

***


chayqalar tunda chiroq chayqalar
qop-qora dengizda titroq joy qolar

tarqalar tog' tunga yo’l olgan kema
sen bularni barini bu – men dema

dardmi bu bo’shliqmi bog'lar xanchalak
ne bilay ko’krakni chog'lar qanchalik

shig' etar bu ne tovush ne iztirob
mavj urarmi qush ucharmi yo sarob

yo shag'al yulduzga aytar g'ashlig'in
yo’q yig'imas atigi tovush yig'in

chayqalar tunda uzoq chayqalar
qop-qora dengizda titroq joy qolar...

***

2-NCHI MAQOM

narvonga chiqayatgan kimsadek
qo’limni kelajakka uzataman

chang'i uchgan odamdek
sirpanib yiqilmaslik uchun
undan badtar sirpanaman

kelajagim havo
o’tmishim muz

qizimni sog'indim, qizimni...

***




osmonda bir orol ko’rdim

qirg'og'iga suv urilib
bulutlarga aylanardi

osmonda bir orol ko’rdim

xuddi dengiz to’ntarilib
yoshim tomardi

osmonda bir orol ko’rdim
endi yo’lim u tomonmi
Yerga cho’kishim tamommi?..

***




M.Palmer'ga
Ovozimning yobonlarida
g'arb uchun mag'riblik arablar,
tunga burkangan zangilar,
chang bosgan ko’zgu kabi –
o’zim –

kechalari bu shaharning
temir yo’l bekatlariyu
bo’m-bo’sh yaydoqlarini kesib o’tarkan,
uning horg'in xo’rsinishlari
kuni bo’yi ish qidirib sang'iganu,
kechasi o’zining vaqtincha oromgohiga

qaytayatgan ovozimni eslatgudekmi
o’ylarimning yobonlarida...

***


biz yo’l degan narsa
birdaniga vaqt bo’lib chiqqanida –
eng oson yo’l –
vaqt ham yo’l-ku deyish emasmi

Toshturmaning devori bo’ylab
chang ko’chadan Bog'iston nomli
mahallani kesib o’tgan vaqt
xuddi Bo’zsuv bo’yida qamish
o’sib yotgan qoqir yaydoqqa
to’ppa-to’g'ri chiqib yurardik

Men bu yerda tunlari bedor
saharlari oftob kutuvchi
yoz kunlari kalla tashlashga
so’ngra qizim aravasini
g'adir-budur paxta dalada
dumalatish uchun chiqardim

pala-partish o’ylardek hayot

narigi sohilga oftob botgan vaqt
g'adir daladagi tuyadek tutlar
qorayib tun uchun bo’yoq qoruvchi
uskunaga avval aylangan joyda

endi uylar, endi har yoq imorat...

Qayt, qayt bola, uying rasmga to’la,
har birini olib – ko’rma, – bir yo’la
ustingga kiyib ol, sig'masang – unda
yirt o’zingni, yo’qsa – farqiga chida...

***



Tushimdagi Shavkat Rahmonga

osmon kabi horg'in dengizga
osmon kabi siniq dengizga
osmon kabi kechki dengizga
yolg'izligim sajda qilganda

temir yo’lning shotisi uzun
temir yo’lning shotisi ketsiz
temir yo’lning shotisi yotoq
bulutlarning asl ismi qor

to’qaydagi ajiriq to’la
to’qaydagi ajiriq chigal
to’qaydagi ajiriq sochdek
bit o’rnida o’lik baliqlar

bu so’z menga emas daxldor
bu so’z mendan tug'ilgan burun
bu so’z bu so’z devor o’rnida
seni kutar chang quchoqlab o’t...

***




tepamda Xudo bor

uzoqda qizim

ostimda bir qavat

oqshom to’la uy

yonimda deraza
o
l
d
i
m
d
a

z u l m a t
hamma yoq zim-zichu

ichimda xasrat

ichimda xasrat

***



siz turgan qatorda men yo’qman

poygada yiqilgan ot kabi
qassobda osilgan et kabi
qazidan qizitgan o’t kabi
o’yindan chiqdim

otimni o’chirdim bo’r kabi
borliqda boshidan bor kabi
zumlarga bo’linmas bir kabi

siz turgan qatorda yo’q

***

Muqimlik

suvda somondek oqdim
har bir cho’pga uloqdim
ko’lankamga mix qoqdim
qololmadim bu zumda

daryo cho’kdi ichimga

sahar uyqu aralash
qush sayrasa o’y talash
dovdiradim – sen ilash
yo’qsa anglamas Xudo

hayot yetdi yechimga

so’z bilan o’z aro farq
onlariga olam g'arq
g'amim g'arbu sharhim sharq
javob esa hech kimga
hech kimga...

*** 


qaynotamning chorbog'i zarrin
o’rigidan danagi shirin

ona-bola qiy-chuvvos terim
o’rigidan danagi shirin

eslasam ham o’rinma-o’rin
o’rigidan danagi shirin

angladim bu so’zlarning sirin
o’rigidan danagi shirin

Olloh-olloh bas et bu she'rim
o’rigidan danagi shirin

yo’qsa do’zax po’chog'i ochiq –

hur fikrning puchagi achchiq...

***



yo’q narsani yo’qotib bo’lmas

qozoq qoqib molni bog'ladim
arqonini bir umr yozgan
so’zlarimga balki tengladim

yuragimning tubida teshik
qancha so’zni zichlab tashlamay
bu teshikning og'zi yopilmas

yo’q narsani yo’qotib bo’lmas

ko’z oldimda o’tlar bulutlar
bir ko’n bu ham tarqab ketadi
bo’ldi deyman – endi yetadi

xom sut emdik toza xayolni
yurak siqib qonga buladik
ko’kka uchib yerga quladik

til javraru quloq eshitmas

yo’q narsani yo’qotib bo’lmas
yo’q narsani yo’qotib bo’lmas

*** 

Birin qabul eta olmon ani...

Navoiy

yozdim yozdim yozdim
yozdim yozdim yozdim
yozdim yozdim yozdim
yozdim yozdim yozdim
yozdim

birini o’chirdim
birini qoldirdim
o’chgani o’chdi
qolgani qoldi

U ham bizni
yozdi yozdi yozdi
yozdi yozdi yozdi
yozdi yozdi yozdi
yozdi yozdi yozdi
yozdi

bitta qoldirmay
o’chirdi barini

Nima haqda ekan o’zi bu she'r?
Ma'nosi bormi uni?
Ketiga tushgan boshini yer,
javob kutganning o’chadi uni...


2

Bu tajribaning ma'nosi nimada?
hima uchun u uzluksiz?
Simash bo’lsa – bari ayon: xom sut emadi,-
yuragini qon qilmagan yashar zuluksiz.

Vaqt degan qopni to’ldirish bo’lsa – qopning tegi teshik,
kimdir bu teshikni ruh deyishga ko’nar.
Siqilish uchun mana beshik, evaziga – ana eshik
esa

sinar            sinar            si-

n
a
r



3

ko’z nimaga taqalsa dunyoning oxiri shu

namoz o’qiganingda qiroat qilganing namozmi
yo o’z ovozingni o’zing eshitganingmi namoz

ich – havo tash – havo o’rta – tortishuv

Parijga onasi bilan kelib qolgan 9 yashar
Dushanbalik tojik qizchaga sim qoqib yo’liqsang u
namozshomda butun boshli bir uyda shaharda yerda
o’gay otasini kutib bir o’zi
o’tirgan ekan ovozi  ovozi...

qumsoatdek

bu ovoz

Vaqtga qoziq qoqqaning bilan uni ushlab bo’lmas
so’zlarni qalashtirib so’zga qoqilganing ham bekor
ruh taqalar tanga tan ruhga to’lmas
oraliqqa esa butun dunyo tor...


4

ovoz bir narsaga yo’liqsa sado bo’lib qaytar

birovlarning o’limini ko’rganimizdan o’zimizning o’limimiz ayon
chigallarni yechish degan narsa bilmadim qay tarz
qumsoatga qamalgan vaqt bilan yonma-yon
men deymizmi bu chegarani nom deymizmi uni
ikki tomondan cheklangan hayotga tenglashtiramizmi
qars ikki qo’ldan chiqar maqolining mazmuni
qarz qaytargandek esga solar esdan chiqqan ramzni
biz eru-xotin uzoqdagi qizimizni sog'inib yursak
bulutlar zog'lardek oqsa yer bilan osmon oralab
bor masofa daftarga taqalgan ikki tirsak
bor ovoz suvi qurigan soydek sho’ra tortgan lab

katak – quruqzog'oquruhhuruqog'ozquruq – katak

bor ovoz suvi qurigan soydek sho’ra tortgan lab
bor masofa daftarga taqalgan ikki tirsak
bulutlar zog'lardek oqsa yer bilan osmon oralab
biz eru-xotin uzoqdagi qizimizni sog'inib yursak
qarz qaytargandek esga solar esdan chiqqan ramzni
qars ikki qo’ldan chiqar maqolining mazmuni
ikki tomondan cheklangan hayotga tenglashtiramizmi
men deymizmi bu chegarani nom deymizmi uni
qumsoatga qamalgan vaqt bilan yonma-yon
chigallarni yechish degan narsa bilmadim qay tarz
birovlarning o’limini ko’rganimizdan o’zimizning o’limimiz ayon

ovoz bir narsaga yo’liqsa sado bo’lib qaytar


***


ruscha-francuzcha lug'at ikki o’ram
elim qog'oz Parij haqida kitob burag'ich
taqvimning kundalik varaqalariyu
ko’kimtir qog'oz qutining ustida Quron
Mon vagabonde de la lune degan kitob
yonida qog'oz qistirg'ichlaru varaq to’g'nag'ich
oq qog'oz oq qog'oz  oq qog'oz
namozshomda tax-tax oq varroq qog'oz
ochiq daftar qizil qalam bu xarflar
oqshomni bu uyga boshlab kiruvchi tepamdagi
deraza

bulutlar antenna mo’ri
qizil g'isht

bularning barimi meni xo’rsintirgan
yoki xo’rsinishimmi ularga qandaydir
yakdilligu mayuslik baxsh etgan ekan
xayit kuni?

Ular menga nima-yu, men ularga nima –
hazinligim go’yo shomga cho’kyatgan kema
ustidagi ho’l bayroqdek beyo’l, bema'ni
to’rt yon shayga qo’l siltagach yopsa bir meni...

*** 



tuproq kelib tushkanda
saratushda suv tashib
suv uyumdan toshkanda
ketmon loyga qorishib

loy tepkidan pishkanda
javzoda terlab-pishib
shamol soching eshkanda
ter teringga yopishib

quyosh zarqum sochkanda
qolipni qumga chayib
loy chekasin ochkanda
soyang o’sib-kuchayib

guvalaga ko’chkanda
shalopp! etgach tirjayib
allaqanday bir xanda
ila quyib ajoyib

to’rtta to’rtta  to’rtta g'isht
xuddi qurgungdek bihisht

*** 


bu ko’lmakka

ko’lmakdagi daraxtlar
daraxtlar ortidagi
bulut tortilgan tubsiz osmonga
nogoh qulashimdan qo’rqqanim

ho’l ko’zimni yumib

o’z ichimga
ichimdagi tomirlarga
tomirlar so’ngidagi
so’z ilinmas xo’rsinishmi
undan-da keng, undan-da bepoyon, undan-da hadsiz
belgisizlikka

qulashimdan nogahon qo’rqdim...

*** 


Dunyo yorug', ichim qorong'u


Plase d'Opera. Transportyor.
odam odam  odam odam hamma
birini quvib biridan o’zgan –

chego begut? I kuda??

Transportyorda qadam bosishga
hech intilish qolmapti. Zotan,
qadam bosding – bosmading, o’zi
oxiriga eltib qo’yadi.

Vaqt ham shunday... 39 yosh

*** 


tush chog'ida uyqudan turib

qiyshiq devorlardan soya qidirib
yalang oyoq, yalang bosh, temir
yo’lga chiqib, tippa-tik quyosh
ostida tosh emas, yog'ochni
mast oyog'in ila bosganing...
ko’mir quyosh, hamma yoq quyosh,
dunyo qari, sen yosh, bir umr
ikki temir yo’l qovushgan joy
kabi uzoq, oyoq kuyadi,
miyang etsiz o’ylar uyadi,
lekin har choq bu temir yo’lni,
bu ikki yon kul kuygan cho’lni
eslarkansan, nega doim vaqt
qaytmasligin anglagach, uni
xuddi bunda bir ma'no bordek,
hasratingga almashtirasan?...

*** 


Tun oqshom keldi kulbam sori...

Navoiy

u uydan bu uyga ko’chgan kun edi

sim qoqib "sen biroz ko’maklash" dedi
avtobusma-avtobus shoshib-entikib
pala-partish orzu-
larga ko’z tikib
o’zimdan ham avval shirin ilinjim
ola-gaston uyga kirib bordi. Jim-
jitlikda qo’pol nafasni yuta
olmayin, yordamga kirishdim, ita-
rdim zildek xontaxta, muzlatg'ich, pia-
ninoni, gilamni avvalga qiya,
so’ng esa to’g'irlab devorga osdim.
Xullasi,

ish ila ko’nglimni bosdim...
Biror uch soatdan so’ng Uning o’zi
"nafasni rostlab ol" dediyu, ko’zi
ola-gaston uyda biroz botartib
supachaga tushdi, burnimni tortib
o’tirdim. U asta birozgina may
olib kelib berdi. Men Usiz ichmay,
kutib turdim. U ham kuldiyu, sharob
to’la piyolani oldi. O’sha top
ko’zim uning labi, uning siynasi,
uning oyoqlari, bo’shang tugmasi,
uning lip-lip etgan qorniga tushdi.
May yutdim, may tomgan kir shimim shishdi.
Piyolani qo’ydim, U olmoqchiday
yaqinlashdi. Olloh, men qanday chiday?!
Jo’rttaga engashdi, ochiq tizzasi
kir shimimga tegdi, ko’zda izzasi –
U menga boqardi. Yuzim oqardi...
Labidan bir tomchi sharob oqardi...
U yerga tushmadi, labimda qoldi,
ola-gaston bu uy tindi, yo’qoldi.
Supada ikkimiz – qip-yalang'och tan
uydan uyga ko’char edik boshqatdan...

***


ikkimiz uchrashsak ishrat bog'inda...
Navoiy

savat to’la uzum uzum ko’tarib
U kirardi tushimga. Men esa, g'arib,
nochor, zaif, dardmand, oshiq, devona, –
firoqida kuyib, ming yillar yona...
nihoyat bu kunga yetdim. Birinchi
may kuni may nasib etib, qarang-chi,
yigirma ikki yosh bu puchuq kizni
kimgadir sim qoqib, unutgach bizni,
qo’lidan ohista tutdim. U go’yo
suhbat bilan banddek, ayladi riyo,
qo’li esa, kafti esa, panjasi
tizzamda goh behol, goh esa jasur,
g'aybona suhbatni anglatar edi.
Ikki suhbat aro parishon didi
qo’rqinchini yenggach, meni tanladi.
Telefonni qo’ydi, qayta tengladi,
alaxsigan kabi buldiyu, qo’li
lo’li kabi uni sotardi. Lo’li
qo’liga engashdim. Jodugar labi
sochimga tegdiyu, yigitlik zebi
nafasimni, qonimni o’ziga tortdi...

Oramizda bo’lgandan bitta she'r ortdi.

U avval yig'ladi, men esa uni
yupatdim. Men quchgan yalang'och tani
qaytadan uyg'ondi, so’ngi xo’rsinish
yangi larzalarga qorishdi, tanish
va notanish tani chavandoz kabi
tizzamni egarlab, ko’pikkan labi
uzum uzum  uzum g'ujanak uzum
sari intilardi, yo menmi o’zim
savat to’la uzumni tergan qo’l misol
chaqqon edim.

Ammo til – bol totkandek lol...

*** 


bu ayol meni soy bo’yiga olib kelgan ayol edi,
soy ham emas, ariqmi, zovur suvimi, har holda
ancha chuqur bu oqimdan hatlab o’taman, chamasi, dedi,
hatladiyu, oyog'i toyib, suvga quladi-qoldi...

bu ayol ketidan o’zimni tashladim,
suv tagi balchiq ekan, balki bundan
u sho’ng'ib chiqmadi. Loy qarichladim,
ammo u yo’q edi. Cho’kkandi chindan...

xayqirdim, sho’ng'idim ketma-ket,
paypaslab, balchiqqa botdim,
tepada hamma tinch, hamma tek
turardi. O’zimni yo’qotdim...

qoratan bu qanjiq
botdi balchiqqa,
meni ham bu balchiq
asqotti qanjiqqa...

Cho’kkan ayol
oqqan xayol
soy ham xiyol
hayotmikan...

***



yozning, yilning eng
kalta tunida
meni hijron, deng,
topdi, tanidi,

meni hijron so’ng
eng uzun kunga
tashladiyu, tong
otmadi menga...

Bu qiz oldida
negadir hijron
meni aldadi –
bo’sh qoldi xujram.

U shunday sofki,
hijron ham meni
olmay hisobga,
tanladi Uni.

Eng uzun kunu
kalta tun aro
Sensiz hijron xunu
Sen ila – yara.


***



osmon – suvda aks topish uchun osmon emas,
daraxtlar ham yerga barg to’kish uchun yaratilmagan,
lekin buncha chiroy o’z-o’zidan mast
desang – yanglishasan. Ana u eski tegirmon
oqim kuchini oq unga aylantirar ekan –
sening ham yuraging tegirmon toshidek og'ir,
bir hovuch qayg'uni bu qizning ko’z oldida puflashing uchun
shamol esadi, suv oqadi, vaqt kechadi g'ir-g'ir...

***


qo’yib yubor bu oqshomni, qo’yib yubor,
qo’y, yopishma, yum ko’zingni, oynani yop.
Bulut so’nar, qushlar tinar, kumush g'ubor
asta qo’nar tom ustiga, seni ayab.

Saqlaganing – rasmdagi bu qizmi yo? –
yoz boshlanmay daraxtlardan barg uzildi...
Qo’yib yubor bu oqshomni, senga nima,
qo’y, yopishma,

sen ham bir kun,
sen ham bir kun...

***

Ko’rmadim jononni o’tgan kun hayotim yo’q edi
Navoiy

sevgida nimagadir bir uyatchanlik borki,
gapirgan gaping ham og'izga yopishmagandek,
qilayatgan qilig'ing ham biroz o’rinsizdek,
lekin kim buni sevgidan ajrata oladi –

Mirabo ko’prigi ostida Sena oqadi...

bu daryo bo’ylab ikkimiz borar ekanmiz –
yoshliging sandig'ida berkitilgan kuylardan kuylar ekansan –
o’zimcha o’ylayman: men ham muncha baxtli yo baxtsiz ekanman –
baxt – hozirgi kasal, baxtsizlik – ertaga yuqadi –

Mirabo ko’prigi ostida Sena oqadi...

bugun nomingni qayta-qayta daftarga yozaman,
bugun hali chiday olsam kerak, lekin erta bor-ku,
ertangi sukutdan osmonga qafas kabi qadalib
ana – bebarg daraxt, tilsiz sha'm, daxma Eyfel boqadi...

Mirabo ko’prigi ostida Sena oqadi...

***


3-NCI MAQOM


Bambergga kelib Parijni sog'inaman
Parijda Maskovni
Maskovda – Toshkentni
Toshkentda hovqatni...
hovqatda Toshkentga intilaman
Toshkentda Maskovga
Maskovda Parijga
Parijda Bambergga

voqe'likdan xotira shirin
xotira ham voqe'lik bo’lgan
voqe'lik ham xotira bo’lar –

bu degani hayot va o’lim
orasida kapalak kabi
qalqib-qalqib bir gul ustida
oti yo’qqa yo’liqar xayol

bu degani balki gul qurir
she'r qog'ozga yalpi qadalar –
lekin sog'inch – o’limdan avval
lekin ilinj – hayotdan nari...

*** 



"Tour de Franse"da "Abdu" laqabli –
Abdujabbor – senda bir gap bor –
har safar birinchi bo’lib kelmoqchi kabi
va bu uchun kechalari uxlamasdan
o’zish yo’llarini – hayotni garovga
tikib – o’rganganidek

va yo bir paytlar Faxriddin Umarov
va yo Ma'murjon Uzoqov, yoki hozir
sherali Jo’raev yoki Munojot

kabi
bu ashulaga o’zbekning borini g'arq etib
tepasiga o’z do’ppimni yopib qo’yaman deb
o’ylaganimi-o’ylamaganidek

kamida Belgidek
........................................ kabi

bularning barini intilishlarini birlashtirish
bir qarashdan oson, va buning o’zidan she'r chiqishi mumkin.
Misol uchun yozsam:" bu intilish bilan birlash, tirish",
sababini anglatsam:" yo’qsa bitgan yering mum, kin..."
Lekin bu qarashlar ancha yuzaki va piyoz, sabzi, sholg'omdan sho’rva pishirgandek kabi,
aslida biz sholg'om sho’rvamasmizki, bizni totuvchi qoshiqqa ko’niksak,
atrofimiz aslida 9 kvadrat metr bo’sh uy emas – sahroi kabir,
shotimiz ham – birinchi pog'ona, ikkinchi qavat va yo uchinchi kosmik tezlikdan biroz yuksak.
Bu atrofu, bu fazoda qiyosning, istioraning, otaning, onaning soyasiga berkinib bo’lmas,
o’zingdan kolg'uchi ham farzand emas, qorong'udan oftobga tushgan soyang,
kichkina bu yerda til terganingu nom o’rganganing nima? –
ko’rmaysanmi – g'aramlaring o’zingga teng ekan, boshqa narsa ila to’ldirolmaysan.
Aytgan so’zingni tinglashing mumkin, lekin uni o’qiyolmaysan,
sen tayangan bu yozuv ko’zga kirmaguncha quloqqa eshitilmasligi aniq.
Hayot esa ikkisining orasida – bugungi un, kechagi maysa,
ertasiga esa – yegan noning – sening noming, bir burdaga endi qoniq...

2

tunda yonib bo’lgan gulxan oldida turib
tunni eslagan – saharda g'ijimlangan bo’z yuzli –
bir o’tkinchimi, uysiz daydining bir turi
kabiman men bu yerda. hima uchundir "bazzozlik"
so’zi so’nggi cho’g' kabi qorayib, yorishgan dunyoda
ko’zini yumadi.
O’zimcha o’ylayman: garchi fikr o’z-o’zicha yonadi
deb o’ylasak ham, har fikrning omadi –
uning uchun ichingda bo’sh o’rin – o’sha qo’ra bormi-
yo’qmi – shunga bog'liq emasmi? Aslida biz
dunyoni ichimizdagi o’ylarga emas, xarobani –
ichimizdagi xarobani dunyo chiqitlariga to’ldiramiz.
Faraz qilaman: gulxanga, o’tga yaqin bo’lganlar
tunda betlari qizil, ko’zlari yosh, tirs-tirs yorilay
degan olmadek yoz tunida vaqtni bilmay, bugunlab
yerga to’kiluvchilar, yerni qoplovchilar, yo piray! –
yopirilib, miyamga, huvillagan miyamga o’t qo’ygudek.
Tun unini sochib bo’ldi. Beshikda go’dak
uyg'onadi. Do’zax o’chdi. Tun ko’kragin tong
to’yib-to’yib emganidek yangitdan seskanadiyu, junjukadi ong...

3

bir fikr chalindiyu miyamga, yo’qoldi beiz...

balki shilliqqurt yer yuzida yurganida qoldirgan izimi,
yoki bino qurilsa osmonga ko’tarilganimi g'ishtma-g'isht,
qolaversa bu she'rda keyingi satr avvalgisining boshini yemaganimi,
piyolaga choy quyilsa – to’ldirganimi piyolani,
daraxt o’ssa – o’tgan yilgi shohlari bu yil ham ko’karganligimi,
xullasi – birga birni qo’shganingda ikki emas – H+H bo’lgani...

lekin vaqt, lekin vaqt...

tashqi ko’rinishdan bularning bari – vaqtga mahkum narsalar,
ular vaqtni – choy piyolani to’ldirganidek to’ldiradi go’yo,
aslida-chi, aslida – beiz yo’qolgan fikr –
o’rnida esa vaqtida yeyilmagan non kabi qotgan burdalar...

***



toqqa qo’yib yuborgan qo’ylarim tarqab ketdi
dengiz esa suruvlarini bir-bir xaydar

bir yil avvalgi Ko’k-tepalini esladimu
esimni hattoki bir she'rga yig'a olmadim...

***



qiyshiq daraxt tanadan
to’g'ri shohlar o’sgandek

yerda turib osmonga
boshing tekkani kabi

tushda ko’rgan daxshatlar
kunduz yozilgay go’yo

bamisoli loyqa suv
tinib shaffof bo’lg'usi

o’tmishing ham o’tmishing
erta uchun gunohsiz



*** 




suv tagidan havo qovug'chalari
biqir-biqir chiqib shovqin chalaru
biz esa ularga – cho’kmaslik uchun
osilgach – anglaymiz: bu ko’pik – so’zlar...

unutish – o’tmishga o’rtang tashlashdek
men bu damda qoldim, essiz cho’kindi
yalqov suv, ko’k balchiq – rosa talashdik
yomg'ir suvga yog'di, tingladi, tindi...

endi

do’kon oynasida aksing qoraysa
bu aks uzra unadi maysa...

*** 



yoz kuzga "shiq!" etib o’tyapgan chog'i
tosh uylar ochilgan ko’nglimning bog'i
undagi shamolda quriyatgan kir
temir yo’lni to’sgan to’rtta simu bir
quyoshning tepadan horg'in boqishi
uzluksiz suvlarning qayga oqishi
o’ziga jo’r, yo’qsa isbot qidirib,
yoshlarimdan o’zga nisbat topmasa...

*** 


yoz bitdi kuz bitdi  hazin xayollar
bitmadi chuvaldi meni erchitib

she'r bitdi Bambergning Dom ehromiga
toshlarning ustiga osmonni chatib
oq qanot qor qushi endimi qo’nar...

uzoq o’zbekchilik – Bamberg – berk anor...

*** 


mehmonlar ketganda yetim namozshom
paytida dastarxon yig'ishtirib, choy
shamasini sepdimu, meni xomush on
o’z og'ushiga tortdi. Bo’m-bo’sh joy
boyagi suhbatlar issiq isini
taratib, sovushga ulgurmagandek,
bir fikr ulashdi. Balki bir kuni
bizlarni hammamizni – yaxshimi-yomon –
farqlamay, barimizni yerdan kuzatib
Buyuk Mezbon ham, kim bilsin, xomush
yetimlikni, qiy-chuv davradan afzal
ko’ra olmagani boisdan hanuz
bizni chidam bilan kuzatyatgandir...

***


Bo sne ya xotel
prosnutqsya ot vozrasta
ot soroka svoix let
kotoryx ya ne xotel
pod vinogradnikom –
posledney zaderjkoy pered
nebom
v kotoroe ya padal
kak v vozrast
kak v to chto ostalosq
oto sna...




tushimda
tushimga kirgan
so’lg'in qirq yoshimdan
uyg'onmoqchi bo’ldimu
tepaga
uzum so’risining siyrak tepasida
kuzgi osmonni ko’rib
endi bu yog'iga tiranishning hech ma'nosi yo’q
degan salim fikr bilan
qayta uyg'ondim

***


Xudo urganmi, unutgan
bir olmon qishlog’ida bozor kuni,
to’g’rirog’i, dam olish kuni
poezd kutar ekanman

bahor quyoshi ostida
endi uyg’ongan qurqaqami, chumolidek
erinchoq fikrlarim ketidan ohista
yurardim.

Bo’sh ko’cha.
Bo’sh maktab. Maktkb hovlisi,
to’r osilgan ikki futbol darvoza,
ketida mo’ylovi sabza urgandek,
maysasi nish urgan tanish bir do’nglik.

Ko’chaning ikkinchi tomoni – chakalak tollar
oralab tepaga ketgan zinaning
yer bosgan, o’t bosgan qoldiqlari, u
ham bir narsani esga solgandek,
bir narsaga ishora qilgudek u ham.

Tepadan qarasang ikki yon jarda
shisha siniqlari, bo’kib qurigan
qog’ozlar. Shaboda. Quyosh ham qog’oz
bulutlar oralab yurgan shamoldek,
istasa kezadi, istasa taqqa
to’xtaydi.

Tom keraksizlik.

Yurgan yo’llaringda mixmi, ilgaklar,
zanglagan qopqoqlar – vaqt turshaklari,
tosh yo’lak, temir yo’l, ora-chura o’t –
tirik boychechakmi, oddiy chimmi yo...

Aslida, aslida bularning bari
fikrni undarkan, avvalroq vahming
anglaydi: sening ham hayoting balki
tom keraksizlikda ularga uyg’un.

Aslida sen bunga kuyukma asti,
o’limning aslida yo’q baland-pasti.
Zotan, o’lim emas, o’lim tomon yo’l
o’limning o’zidan ortiq bir xayol.

***


bugun quyosh ham, yer ham men bilan birga
bir kunga qaridi
so’zlar ham...
So’zlarning qarishi shumi? –
tamaki tutatgan sil kun qarzidek
"havoni past etar ashking nujumi"...

***

Bir narsa haqida



1

Bambergda ehromlar bong urar ekan
"sizni sevganlarni sevishingizdan ne sharaf,
men esa deymanki – raqiblaringizni seving..."ni
o’qib
kechagi tek boshimga, g'ira-shirada
bu o’rta asr shaharning ko’chalariyu,
ko’priklari, sal nariroqda esa
tegirmon – biz ikki yil avval
yashagan tegirmonimiz, yana sal nari
yursang – daryo bo’ylab ikki qator
daraxtlarning orasidan ketgan
yo’lakda...

2
bu lift faqat tepaga yuradi
pastga qaytishga imkon yo’q
eng ko’pi – unda bir narsani o’zgartiraman desang –
tog' kiftidan chiqqandek – yonga uradi

3
o’lsam agar – bu shaharda
o’lay deding, nega esa –
esingda yo’q. Balki – zarda,
balki yo’ldan qotgan ensa.

4
mana endi toshlarni yig'ish payti keldi
mana endi ularni qotgan nondek xaltaga tashla
daryo oqimiga qarshi masofa bosishing – bu bir belgi
vaqt oqimiga qarshi tugul – cho’kish uchun og'ir bu toshlar...

tegirmon ishlar...
Bamberg bog boshlar...
bom-boshqa g'ashlar...
tek sarson boshlar...

***

4-NCHI MAQOM

chiroyingizga o’lchov mening qayg'um,
lekin qayg'umda yo’q buncha chiroy...

buni yozib bo’lib o’tirsam qay zum,
o’zi kirib keldi, shoshilib turay
degan edim, balki biroz qaribman,
oxirini o’ylab erindim chog'i,
o’z o’rnimda qoldim, tizzamda roman,
uning ustidagi oshxona pichog'i,
yerto’la oshxonada qaynayotgan jo’xorim –
bari siljimay – bu eski o’yinni
na tark etmay tuban, na olqimay yuqori,
balki faqat biroz ichidan kuyunib,
yo’qoldi, xuddi men bularsiz qaytgum,
yo to’loviga bunimi o’chiray –

"chiroyingizga o’lchov mening qayg'um,
lekin qayg'umda yo’q buncha chiroy"...

***

To’rt otlig' turg'il deydilar
Maxtumquli

Juvaning so’ngida, bog'ning yonida,
qushlar tinch yotganda tungi inida,
ketarkan alanglab, ko’rdim buni-da:
trolleybus sim yo’ldan chiqib turardi.

Ish bitdi yo hali boshlangani yo’q, –
deb endi o’ylasam, shu zahotiyoq
tomdan tarashamas, naqd ikki tayoq
tushgandek, uzoqdan ot ufurardi.

Bu ikki sovutib bo’linmagan ot
egarsiz, jabduqsiz, otliqsiz, xayhot,
ko’pirib, yoprilib, telbalab, yoxud
ajaldek bostirib-bosib kelardi.

To’rt ko’zim to’rt kishi bo’lib, to’rt tomon
qochdilar. Hayqirdi, to’zib, olomon
kim qolsa toptpldi yo’lda beomon,
qolganlar sachragan qondek yelardi.

Yiqilib, emaklab, cho’kkalab chopdim,
tol-battol, ko’l – beyo’l, soya – bir chimdim,
go’rgami berkinay – xalqumda jon dim,
ketimda yer titrar, osmon qulardi.

Bu qanday uloqmi, ko’pkari, payvak,
sen uchun na yashiq, na po’k, na kavak,
devorning sinchi mo’rt, pardalar ravak,
ot kishnab gulduros yashin kulardi.

................................

Radio karnaymi edi bu ovoz:
"Osmonga uchsang-da – bir ot bu shavvoz,
suvga qarq bo’lganda – boshqasi g'avvos!"
Hah, suvu-ko’k esa – quyun deydilar.

Qo’rqishdan charchadim, o’grildim ketga,
odamga aytgandek dedim bir otga –
nima qilsang qilg'il, topta, sik ko’tga!
shu topda otu ot o’zni tiydilar.

Bu otlar telbami, yoki men telba,
men otdan qo’rqsamu, ot kirsa tilga,
og'izlar ko’pirdi, quridi tinka,
yo’qlikdan borliqqa esinti esdi.

Qum toqqa chiqardim qumga ko’milib.
Boqardi uzoqdan otlar termulib.
So’ng otsiz dunyoda soatning mili
jismimga qoqilib ismimni kesdi...

***

Vnezapnyi otpusk v ojidan’ e smerti

tarqoq fikrlarimni jamlab, chaqmoq
chaqmayman. Yo’q. O’xshash o’ylarimni ham
tizmayman birin-ketin. Ayricha, maq-
sadim, orachim, istalgan qo’nalg'am –
parvozning o’zi.

Ish to’la hayotda qilarga ishim yo’q
bo’lgan choq naqadar sermazmun bema'ni
bu hayot. Max Weber yoki O’rxon Pamuq,
yo juda bo’lmasa eng so’nggi almanax –
"1994 – Yer Yuzi"...

Ikki oy ilgari men ko’chib ketgan bu
uyda men tasodif – to’satdan qaytadan
turibman, toqlarga o’tirgan chang kabi.

Bilmadim, balki bu arzimas bir gapu,
bu dunyo sirini hech bo’zgim yo’q. Qaydam,
qaridi, bog'lanmay, chakagim...

2.
aslida...
men sevgan so’z – "aslida", go’yoki
tunda shovullagan daraxt, ko’kimtir osmon,
og'ir parda, qo’qon gulning quruq giyohi,
xullasi neki xotira tomiga bostirilgan somon
kabi achchiq hidni chang aralash qishgachami,
keyingi yozlargachami saqlar ekan, ya'ni
bu borliqdan esimizga ko’chib eski ko’chani
yangi uylar orasidan qidirgan miyani
eslatar ekan – qaytgan uying – o’sha aslida –
ko’z ko’rgan dunyo esa qorachig'da emas – undan chuqur
ostonadan ko’z yosh xatlar, bukchaygan dalda
oyoq bosgan o’yinchoqdek sinar shaqir-shuqur,
ruh qaytar badanga, u esa qariru –
eskimas negadir uy kabi, bir kuni
chang bosgan tuprog'u, o’n tirsak hariru,
besh ketmon, qirq kishi bosmaguncha uni...

3.
askarga ketgan og'aynim,
uying o’sha-o’shayu, o’zing yo’qsan.

Turkiyaning qaysi bir chekalarida
to’rt o’lcham buyukroq forma kiyib
changlarni to’zitib yuribsan?

Vataningda hammaga yot,
uying esa sendan bo’sh,
xotiramda senimi saqlayin

og'aynim, bu hayotdan o’pkalama –
o’tgani – esdaligimizga o’lja,
qolgani – bo’sh uydek bir sog'inch...

***



Aqlim bulg'andi. Aqlim tinmadi –
"otashkurak" so’ziga qisilib qoldim bir qancha vaqt,
aqlimni zo’rlab – piyoz kabi archganim sari
ko’zlarim achishdi.

Ro’paramda tomda kaptar o’tiripti xurkayib,
u mendan aqlliroq bo’lsa kerak, chunki jim,
Xitrou aeroporti tomon tepir qushlar sizadi birin-ketin,
yunon cherkovi g'ishtlarida shom quyoshi to’xtaydi. Kaptar

o’sha-o’sha xurkayganicha uni yozib bo’lishimni sabr ila
kutyapti.
Aqlni tindirish uchun undan bora-bora voz kechaman.
Oynam ochiq, pardam to’r-to’r, London yozga kiryapti –
bularni barini ko’targan esa yer emas, ma'yus osmon.

***

Samarqand ushshog'i

choshgohdan avval – soat o’n birlarda
bozordagi simxodaga Boltavoy-manto’r qo’nqaytirib
qoqib qo’ygan karnaydan – quyosh endi qizita boshlar ekan –
shoshilmay yo’lga chiqqan lo’li Ibodulloning g'ildiragidek
doira – so’ng esa changu
nayu g'ijjaklarning
ot, egar-jabduqlari, so’ng esa balandkindagi nozanin
kabi – parda ortidan mo’ralagan ovoz...

Tobora qizib borayotgan havoda nafas olasan,
o’pkang nay havosiga to’ladi,
poezd g'ichirlab yura boshlaydi – changdan dimoqlaring
achishadi – so’ngida esa g'ildiraklar "do’q" etganidek –
doirami – yuragingmi havosizlikda to’xtash oldidan "bak etadiyu

"Biyoki zulfi kajust…”

Oxun-somsachi tandirini varanglatib choshgoh somsasi uchun
qizitib yotibdi. Temir-taqachi sandonda ketmonini yapaloqlatib
yotibdi gurzisi bilan. Quyosh havoni taranglatib
avjiga chiqyapti, simxoda soyasi kichrayib – berkinishga
joy topolmay sarosimada. Ko’r Sotim pichoq charxlab
uchqunlarni sachratib yotibdi bu shapaloq soyaga...

“varaq-varaq justand…”

Kuy pishdi. Kuy etishdi.
Arshi a'loga urindiyu u yerda boqimsiz zormonda
quyoshga "taq" etib tegib, bularning bar bekorligini
tushundi chamasi –
bulut borsa kelmas bo’lib ketgan,
osmon zadaligidan sarg'ayib bo’lgan
telba oftobu oy sandiraqlab qolgan aylananing qoq tepasidan
bir zumda tushdi-da

choshgoha choyxonachi Xotam-malla bilan
yo’lga chiqib ketgan Sobir-sorbonni dog'da qoldiruvchi
novvoy ayol kabi
etagini yig'ishtirganicha qo’shnilarnikiga nafas rostlagani chiqib ketdi...

Suv sepishga kimsa yo’q...

***


Endi yosharish yo’q, endi qarish bor –
nelar haqidaykin sendan uch qarich
nari o’tiruvchi bu yosh, bu beg'ubor
qizu, ne haqdaykin o’ngdagi qarish?

Bor o’yinlar biru, bu o’yin boshqa,
ming birinchi oqshom mastu sarxush bosh.
Bo’ldi, ertak bitdi. O’ngingni boshla,
tur, "hozircha!" – deyu, bor, yo’qol yovvosh.

Erta ko’rsang uni – tushim deb o’yla,
tushlaringni esa qip-yolg'on deb yo’y.
O’girilsang – chigal ketingda yo’llar,
ko’z oldingda esa cho’loq yolg'iz yo’l.

Bu qiz, bu qiz, bu qiz... Bo’lsam-da iqror,
aqldan xaydalgan – hislarda bu qiz.
Endi yosharish yo’q, endi qarish bor –
borsa-kelmas yo’lga kirib qolgan his.

***


bu borliqda bir adashish bor
Belgi

ish kundaligimdan uzilgan
bugungi kun nishonasini oddiy bir parcha
qog'oz kabi puflab tashladimu
boshladim...

adashdim, adashdim, yomon adashdim
tashimda yo’limu, ichimda dashtim
biriga kirolmay, biridan chiqmay,
qiziltan shafaqmi, yoki habash tun?

bu dunyo – dun emas, balki arosat –
bepoyon soyamiz – tunga qarasak,
shafaqni ilg'asak – to’kilgan sharob.
Bu dunyo sarobdir. Tildagi tirsak...

deb qirg'izning boshkentida, Bishkek shahrida
qirg'iz yurtda tug'ilganim, so’ng esa onam
bu makonda o’lganini eslash sharhida
Toshkentdan ham zo’r qayg'umni anglardim. Sanam
oy otelning oynasidan tog'larga uyqash
o’ylarini o’ylagancha boqardi yuqash.

shu zum telefonning zum-zum zummeri
uzun-uzun, bamisoli bir g'ujum uzum
jarangidek jarangladi. Yo esa qumri
kelajakni o’lchab berdi: notanish qizim –
Bag'dod otli qozoq qizim boshqa bir qirg'iz
qizi bilan ikkilikda ekanlar yolg'iz.

Ikkisini taklif etdim, tunda ikkisi
shampan mayi shishasi-la yolg'iz xonamga
kirib keldi. Mayni ichdik, chiroqni kesib
ikkisini yechintirdim, shampandan namgar
bo’lgan oppoq choyshablarga sig'mayin, tig'iz
yotdi qizlar: biri – qozoq, birisi – qirg'iz.

U kun – bayram: G’alabami, Turon kunimi
ediku-ya, menga nima?! – menga kun emas –
bu tun, bu tun, bu tun butun bilmay tinimni
ular bilan sevishganim qoldi. Har nafas
olganimda – men atirni, ikki qiz esa
badanimga sharob quyib tuyardi rosa...

Biri – aruz, biri – barmoq, biri – jin, biri –
pari edi. Bir biriga meni qizg'onib
o’pishardi, quchishardi. Jismim jimiri
hali-hali tuklarimni qitiqlab, qonib,
suyib chiqqan tillarining izlari kabi.
Bu-ku – jimir, lekin larza – qizlarning labi!

U yog'ini qo’ya qolay, u yoq har qalay
bu yog'idan ancha o’tkir, ta'biri joiz
bo’lar ekan, faraz qiling – qilinyotgan qiz
faraz qilinolmaganga dermishki: "Qulay
joylashsang-chi, yo’qsa faraz sonimga botti."
Xullas, yanchib tinchidik bu "karavotti".

....................................

Og'irlik va nozlik – opa-singillar,
bir shoir aytgandek – nishonangiz bir –
hayotning turgani siru, bu ta'bir
yozilmas xumordek. Sochqir shingillar
billur likobchada tamaki kuli
bilan aralashgach, Turkiston guli

netongki, ne tongki, netongki, otdi...
tomda ungan o’tlarga shamol asqotti.


2

eng nozik esimda to’zgan xayollar
shu qadar qo’polki, shu qadar dag'al
bir umr so’z terib uyda loaqal
didimga, xushimga mosi bo’lmasa

soqolni qirtishlash, zuluk ayollar
televizor – biri aytmish "dil buzar"
o’zingga nafratu – o’zgaga xazar
hech sendan arimas talash-talvasa

taqalgan fikringni yenga olmading
u ham seni axir qilmadi iqror
ikkingiz oralab kezar beqaror
taqdirga tan bergan tansiz omading

ammo boq pardangga – shamolmi tindi
izlagan xayolni topdimi, yshqsa
sen emas toshlarda sarg'aygan maysa-
yu uni tebratgan sarson esinti...

***



Non yopish, non yopish oson ish emas...

uzumzor oralab cho’pu, xoru-xas
g'aramlab, orada barglar ortida
bir shingil, bir g'ujum, bir to’p, bir to’da
uzum ko’rib qolsang – to’zidi chodir –
esankirar esu, xayol qochodir.

Tandirga o’t qalash, tandir qizitish
balki eng muhim ishb yo eng qiziq ish,
bu haqda sal keyin, hozircha esa
suprani yoyaylik, avvaldan rosa
mushtlangan hamirni, pishib osharkan
qochirmaylik, singlim, tutaylik, ukam.

Zuvala, zuvala, momiq zuvala,
sen kirpich oldida qo’lbop guvala,
qo’llarim shaklingni chirpantiradi,
o’qrayib o’qlovu chakkich turadi,
ular ham bir boshdan har ishga tayyor.
Lekin non yopishdek ish ancha ayyor.

Tandir bir qorayib, so’ngra qizarar, –
kosovni topmasang – turgani zarar,
qo’lingga yenglikni kiyar-kiymayin,
kosovni tandirga yo’naltsang mayin,
o’tni cho’g'alatsang – bu yoq bemalol:
non yasa, chakkichla, moyla, terla lol.

Bir kirib bir chiqar tandirga shu on
mushtumdek rapida. Yopishmoqda non, –
yuzlari qizarib qalangan o’tdan,
novvoy ila bo’lib bir jonu bir tan
suv purkash chog'ini behol kutadi...

Bu damda o’timdan qog'oz tutadi...

Fotima, navjuvon, ey go’zal arab,
nonimni esladim, men senga qarab.
Boq, do’zah o’tidan chiqqan patirdek
ikkimiz bu ishni rosa qotirdik,
bas – hilol go’yoki biz tishlagan non
bizlarni kutarkan har tun, har zamon...

***



aqlim pechu-xomaki, aqlim endi boshlang'ich,
kitoblarga yonma-yon ayqashgan sharhlar kabi,
kun o’tadi ketma-ket, qarag'aylar yalang'och
qarg'alarga chirmashib essiz kunning laqabi...

qaerga intilasan, bo’lar ish bo’lib bo’ldi,
qayrilganda nimayu, qayrilmaganda nima –
sho’raladi shamolda shivirlagan laboldi:
"Ne balolarning gardi qotildi gardanima?"

so’z aytildi nimayu – aytilmadi – bari bir
umrim bitar ohista, lekin buni bilsam ham
na yengillar g'amimni yangi tug'ilgan ta'bir,
na oy kabi ta'birni yenga olar tundek g'am...

***


qizil kiygan bu qizga, o’g'lim, nima qilmayin,
mayin shamol yuzimga tekkandek yo’liqaman
u to’qilgan ip-harir – o’ylarimdan ham mayin,
so’zlarda qo’pollikdan o’z-o’zim hovliqaman.
O’tmish achchiq va shirin moddaning quyushmasi
deb o’ylasam har ertam umidlarni armonga
oqizuvchi hozonrez ish kunimdek, chamasi,
men kerakman ungayu, u kerak emas menga.
Bu qiz esa teskari, bu qiz dunyoning tersi,
u yo’qlikdan bor bo’lib borliqni yo’q etadi,
esim og'ib u tomon essizligimning esi
chalg'igan laychalardek ket-ketidan ketadi...
Yo metroda "xayr" deb, qo’l siltar ekan, baski
yon kursiga – bo’shliqqa inar ajalmi, dajjol,
yo ko’r shisha chiroqda qo’shni chiroqning aksi
oftobning o’ligidek ko’z yumishga bemajol...

***


Savol – hiqichoqdek – esni tortgani kabi...

... nima demoqchi ekanman, esimda yo’q.
Balki haqiqat bilan yolg'on orasidagi pardaning
nafasingdanmi, ko’cha shamolidanmi hilpirashi, yoki

bu pardaning gardaningga tushgan og'irliginimi –
faraz qil bu qizga rostlaringni barini bildirding:
ko’chalarda yurganimda entikkan ashulalarim – sening,
ertanggi kun botmas og'ir quyoshdek ko’nglimga seni deb,
ko’ylak ortidagi badaning – isitmam mening...

Yo’q, seni aldaganim ma'qul, o’zimni aldaganim ma'qul,
bu o’tkinch bir narsa – nafasimning ko’k yo’taliyu, yuzimning qizamig'i bir nav',
bir kun emas bir kun namlanmaydi shamoldan ko’zu, uvushmaydi sovuqdan qo’l,
sendek yalang yolg'onmi yo sensiz yolg'iz haqiqatga unab.

Kechalari yotar ekanman, o’ylayman: jonim
bir kun uchib ketsa-da, bu go’shtni, bu suyaklarni tashlab,
er bilan qorishib yotgan jismimga achinaman, chunki chunonam
sen deb suyak zirqirardi, senga edi tashna lab.

***


yor bordiyu, ko’nglimda aning nozi qolibdur

bitdi ziyofat. Mehmonlar tarqadi. Zotan,
bu o’tirish avjida durust muomala topolmay
kechaning kechimsiz tugashini kutar ekanman, uzoqdan
sizga boqardimu, labim oqararmidi, oqardimi may –
har holda oson tuyulgan narsa chindanam edi oson:
mehmonlarga choy bo’lsaydi – deyish, yoki ovqat sovumasdan oling...
Bitdi ziyofat, idish-tovoq yuvildi, qozon
to’ntarilganicha, endi xuddi iching yoki ahvoling.
Gumbirlaydi kapkir surgandek bo’shliq unda vaxshiylarcha,
yuragingnimi yo jigaringni qovurib berganmiding boyada?
Bitdi ziyofat. Ship ostida chirog'u ko’r pashsha, yo-da
yozni kuz kuzatgach, junjukib sarg'ayar shularcha...

***


"tushimda ko’ribmanki – homiladormishman...
besh oyli... bola qornimda tepganidan uyg'onib,
o’zimcha o’ylab yotibman: qornim rostdanmi shishmon,
yoki tush ko’ryapmanmi..." – biroz utanib,
bu qiz qaradi-da: "Nimaga ekan...
yo’ya bilasizmi?" – degandek lahza
menga boqib turdi.

Uyda uy bekam
sakkiz oylik bolam, qizmi yo o’g'il
homilani tushda emas, o’ngida
ko’tarib yurarkan, men javob tugul,
umuman, bu haqda yo bu ohangda
so’zlashishga haqqim bormikan o’zi?!

Men ham tush ko’rdimmi, ko’ryapmanmi yo
almashdimi yerning kecha kunduzi –
achchiq haqiqatdan achchiqroq ro’yo –
xudo xohlasa men ikki haftada
yana bir bor ota bo’larman, biroq
tushga boshlar ekan bu qiz aftoda,
muncha sochi tim uning, yuzi esa oq...

2

xayolimdan "ket!" – deb haydayolmasam seni
xayolimning o’zi gulxandan haydalgan qanjiqdek
suqlanib, yalaqilanib qayta-qayta tunov tusini
olovdek yuzingga, tundek sochingga uyqashtirar ekan

bir nav' sanchiqmi

odamning yelkasi unga teng qoya
oradagi darada esa

men bilmagan bir tuyg'umi siqilar
sen haqingda o’ylashga tutilmasaydim boya –
ko’p bo’lsa yuragimdami, peshonamda bir chandiq qolar
edi-da, endi kech, endi kuz tunining o’rtasi, yarmi,
yaxshi, men uxlamay, shipga, eshikka tik boqay,
shunda shu sharobdek saroblar zo’ini tiyarmi,
balchiqu bu tunga botarmi gulxansiz bu to’qay...

***


eng toza she'r o’rnida

osmonda ikki burunli uchoq – temir qush
qo’nimga ina turib, birdaniga shashtidan qayta-
di-da, orqasiga – ko’zim tortib olgandek – mahalla-
mizga tusha solib – uchoq emas – tankka aylanadiyu
mahallani gir aylana – mana endi to’pga tutaman,
er bilan yakson qilaman degandek – yoshu qarini
talotumga soladi.
Nishonni ko’kragu-ko’zlarida tutgan bizlar
kavak qidirib tipirchilagan sichqonlardek
tarvaqaylab qocha boshlaymiz. Tomda – uvadalar
orasida, yo yerda – guvalalar, yo suvda – ko’prik xoda-
lari tagida – berkinadigan joy ham yo’q –

beixtiyor uyga qaytasan.

Bir karra o’lib bo’lgan Rahim tog'ang
so’galini ochibmi, tirnog'ini chaynabmi –
suv jumragiga osilgan kir ustida o’tiripti.

"Opamlar uyda. Juda og'ir" – deydi u.

"Buvijon, buvijonim, onajonim..." – deb kirib kelaman
men salqin dahlizga. O’lib bo’lgan
buvim chindan ham o’lim tushagida yotgandek –
xirsillab yondan-yonga ag'darilib boqadi.
"Xudoga shukur! Ulgurdim..." – deb o’ylayman men.
Buvim yana bir bor ug'rashib, shol qolgan
oyoqlarini qo’llari ila ketlaridan tortib olar
ekanlar, og'iz ochadilar.

Avval, – deydilar buvim, – jon-mador borida
aytaolmasdim, endi payti keldi.
Yigirma shisha vino - may ham, sharob ham
emas – vino! – hozirlab qo’yasan-da, ana o’shanda
"AM" topasan! Ana o’shanda u seniki..."[1]

***


izlaganim – ma'no emas, hatto
ma'noni yo’qligi ham emas, chunki
ma'no bor esa-da, uni topa olmasang –
ma'no yo’qligini topganingdan hech farq etmaydi

shaharlaru qishloqlarda, yerning turli chekalarida
odamlar qulog'imga til-til szo’lar quyar ekan
eshitganim aytganlarimdan na tuzukroq, na badtar
balki o’qiganu-yozganlarim[2] bundan biroz istisno.

na pyatom desyatke let stiraya svoyo belqyo
ya dumayu o Parije – kulgim qistaydi –
esimda – juma kuni uni so’nggi bor ko’rdimu,
shu bo’yicha har kun o’z-o’zimni ezaman.
Kallang teshik, deyman, yo’qolganinin bilsangu,
g'azallardagidek chorasizlikni chora deb yo’ysang.


***


[1]

Albatta men biroz shoshildim, albatta
bu so’zlarnmng qo’polligidan uyaldim ham,
lekin rahmatli buvim o’layotgan edi-ki, hatto
uyat ham oramizga sig'mas edi bu dam.
Yana bir bor aytmoqchiman, albatta men
bu so’zlarni quyidagidek yo’ya olardimu, biroq
peshtoqdan qulab chiroq o’chayotgan ekan, hamon
unga intilsang – kuygan qo’ling azizmi, yo o’sha chiroq?
Bu oddiy so’zlarning zamirida ne-ne g'azallar,
jon qushiyu, uchqur ajal, iliq qon talvasasi,
tanholik va bekaslikda o’tkazilgan qancha azallar,
kelajak beparvolikning qancha nishonasi yoki sasi –
bularning hammasini nozik yo’lda yo’yg'usim shubhasiz,
lekin chiroqni yana eslarkanman, meni kuydirgan shishamas – olov,
yo Olloh – sirga boy, javobga shunchami xasis,
yo javob o’rnida bunchalik betayin hayotmi to’lov?

Kun o’ldi. O’n to’rt ming oltiyuz oltmishinchi tuni.
shisha yo’q. shishada sharob yo’qligidan mast
bo’la olishingni tushunsang-da, kuygan qo’l tutuni
na ma'nodan ortiq, na bema'nilikdan kam emas.


[2]

mahallamizda kimdir, Kostyalarmi yo boshqa,
xullasi allakim barzangidek itini
ketishim oldidan yonimga yovooshgina
olib keldiyu, qoldirdi. it ham hech tinim
bilmaydigan laychalardan emas, vazmin va kibor –
ko’zlarini menga tikkanicha, dumini bir bor likkillatmay
moshina qo’zg'alishini kutar edi. Xeshu-tabor
qo’l siltayverib ezmalanardi. shofyorimiz moy
quyayotgan edimi-ey. it chamasi chidayolmadi –
xojatini chiqarganimi, yo mahalla laychalari bilan xayrlashganimi
kuzovdan sakrab tushdi-da, shofyorning omadi
shu zahoti kelsa bo’ladimi – darvoqe', Sashkaga nima?! –
moshina qo’zg'aldi. men itni chaqirmoqchi bo’lamanu –
endi berilgan it emasmi – otini aytishmagan ekan –
"Xuv!" – deyman, "Hoy!" – deyman, "Ey!" – deyman. Ko’chaning olomoni
har tomondan alanglab menga ko’zlarini tikkani tikkan.
"Olapar! Olapar!" – desam bo’larmidi. Lekin bu ham – adabiyot,
men esa tilsiz dunyoga kirib qoldimki, munosabatlar unda mubham,
bir itni ismsiz chaqirishga qurbim etmasayu, qaysi ot
bilan Seni ham chog'lab, o’z-o’zimga bog'lay ham?...

Xotima o’rnida

Biz hozirgi kunda "o’zbek she'riyati" deb atagan narsamizning har gulga kirishi, yo samar berishi bir yelmi, bir quyosh bilan bo’lgan to’qnashuvdan so’ng yuz bergan. Ilk bor arab-fors dunyosi Navoiyning turk ongidan – ikki chaqmoq tosh bir biriga urilganida o’t chiqarganidek – yangi she'riyat sho’lalarini potratib yuborgan. Ikkinchi portlash haqida gapirar ekanmiz, bu shubhasiz – cho’lpon o’rnagidir. Bu kez ham o’zbek jadid ongi rus ongi bilan payvand bo’lib, oraliqda yangi o’zbek she'riyati vujudga kelgan.
Belgi – she'riyatimizni jahon zamonaviy she'riyati bilan ulagan shoirdir.
She'riyat ham Xo’ja Nasriddinning eshak tepasidan eshak tumshug'i oldida tutib turgan bir tutum somonidir. Milliy ong ertaga ko’nikadigan manzilni Belgi o’ziga maqom qilib bo’lgan. Bu maqomning ismi – shoir jo’rttaga chalqitganidek – Toshkent, Parij yo London emas, balki shaxsiyatdir. Aslida yo’l yurmaydi shoir, ruh kezadi u.
Erkin dunyoda erkin o’zbek – Belgi bu erkinlikka ruhan yetishgan. Bu erkinlikda kuchanish yo’q, tabiiylik bor. Gap – kundalik hayotdan olingan mavzularda ham emas, zotan, Belgi she'rlari orqali kundalik tarih kechinmalarini anglayolmaysiz ham, gap – ruhiy chiranmaslikda, gap – jazmu qaror, umidu armon aro o’z-o’ziga teng bo’lishda.
Belgini u yoki bu qolipga solish – Navoiymi, Cho’lponmi, yo Rauf Parpi bilan qiyoslash bema'ni ishdir. Darvoqe', bu haqda men o’zimning "she'riyat izg'irinlari" kitobimda bir necha bob ajratganman. Ha, unda bu nuktadonligu, bu nafosatu, bu moshahada topiladi. Lekin u o’zga – u bir Belgidir xolos.
Nimaning Belgisi ekan Belgi?

Quvanbek Kenja

íàâåðõ


SpyLOG

FerLibr

ãëàâíàÿ   |   íà ñàéòå   

© HZ/ DZ, 2000-2001