index page

Hamdam Zakirov's Literature Archive (in russian)


FerLibr

ãëàâíàÿ   |   íà ñàéòå   


ãëàâíàÿ
íà ñàéòå

BELGI:
Bambergiana yo Bir Shahar Simfoniyasi (1998)

Andante

Bambergga kelib Parijni sog'inaman
Parijda Maskovni
Maskovda – Toshkentni
Toshkentda Novqatni...
Novqatda Toshkentga intilaman
Toshkentda Maskovga
Maskovda Parijga
Parijda Bambergga

voqe'likdan xotira shirin
xotira ham voqe'lik bo'lgan
voqe'lik ham xotira bo'lar –

bu degani hayot va o'lim
orasida kapalak kabi
qalqib-qalqib bir gul ustida
oti yo'qqa yo'liqar xayol

bu degani balki gul qurir
she'r qog'ozga yalpi qadalar –
lekin sog'inch – o'limdan avval
lekin ilinj – hayotdan nari...

21.7.93

1

"Tour de France"da "Abdu" laqabli –
Abdujabbor – senda bir gap bor –
har safar birinchi bo'lib kelmoqchi kabi
va bu uchun kechalari uxlamasdan
o'zish yo'llarini – hayotni garovga
tikib – yurganidek

va yo bir paytlar Faxriddin Umarov
va yo Ma'murjon Uzoqov, yoki hozir
SHerali Jo'raev yoki Munojot
kabi
bu ashulaga o'zbekning borini g'arq etib
tepasiga o'z do'ppimni yopib qo'yaman deb
o'ylaganimi-o'ylamaganidek

kamida Belgidek
...............kabi

bularning barini intilishlarini birlashtirish
bir qarashdan oson, va buning o'zidan she'r chiqishi mumkin.
Misol uchun yozsam: "bu intilish bilan birlash, tirish",
sababini anglatsam:"yo'qsa bitganyering mum, kin..."
Lekin bu qarashlar ancha yuzaki va piyoz, sabzi, sholg'omdan sho'rva pishirgandek kabi,
aslida biz sholg'om sho'rvamasmizki, bizni totuvchi qoshiqqa ko'niksak,
atrofimiz aslida 9 kvadrat metr bo'sh uy emas – sahroi kabir,
shotimiz ham – birinchi pog'ona, ikkinchi qavat va yo uchinchi kosmik tezlikdan biroz yuksak.
Bu atrofu, bu fazoda qiyosning, istioraning, otning, onning soyasiga berkinib bo'lmas,
o'zingdan kolg'uchi ham farzand emas, qorong'udan oftobga tushgan soyang,
kichkina buyerda til terganingu nom o'rganganing nima? –
ko'rmaysanmi – g'aramlaring o'zingga teng ekan, boshqa narsa ila to'ldirolmaysan.
………………………………………………………………………….
………………………………………………………………………….

Aytgan so'zingni tinglashing mumkin, lekin uni o'qiyolmaysan,
sen tayangan bu yozuv ko'zga kirmaguncha quloqqa eshitilmasligi aniq.
Hayot esa ikkisining orasida – bugungi un, kechagi maysa,
ertasiga esa – yegan noning – sening noming, bir burdaga endi qoniq...

2

tunda yonib bo'lgan gulxan oldida turib
tunni eslagan – saharda g'ijimlangan bo'z yuzli –
bir o'tkinchimi, uysiz daydining bir turi
kabiman men buyerda. Nima uchundir "bazzozlik"
so'zi so'nggi cho'g' kabi qorayib, yorishgan dunyoda
ko'zini yumadi.
O'zimcha o'ylayman: garchi fikr o'z-o'zicha yonadi
deb o'ylasak ham, har fikrning omadi –
uning uchun ichingda bo'sh o'rin – o'sha qo'ra bormi-
yo'qmi – shunga bog'liq emasmi? Aslida biz
dunyoni ichimizdagi o'ylarga emas, xarobani –
ichimizdagi xarobani dunyo chiqitlariga to'ldiramiz.
Faraz qilaman: gulxanga, o'tga yaqin bo'lganlar
tunda betlari qizil, ko'zlari yosh, tirs-tirs yorilay
degan olmadek yoz tunida vaqtni bilmay, bugunlab
erga to'kiluvchilar,yerni qoplovchilar, l piray! –
lpirilib, miyamga, huvillagan miyamga o't qo'ygudek.
Tun unini sochib bo'ldi. Beshikda go'dak
uyg'ondi. Do'zah o'chdi. Tun ko'kragin tong
to'yib-to'yib emganidek yangitdan seskanadiyu, junjukadi ong...

3

bir fikr chalindiyu miyamga, yo'qoldi beiz...

balki shilliqqurtyer yuzida yurganida qoldirgan izimi,
lki bino qurilsa osmonga ko'tarilganimi g'ishtma-g'isht,
qolaversa bu she'rda keyingi satr avvalgisining boshiniyemaganimi,
piyolaga choy quyilsa – to'ldirganimi piyolani,
daraxt o'ssa – o'tgan yilgi shoxlari bu yil ham ko'karganligimi,
xullasi – birga birni qo'shganingda ikki emas – X+X bo'lgani...

lekin vaqt, lekin vaqt...

tashqi ko'rinishdan bularning bari – vaqtga mahkum narsalar,
ular vaqtni – choy piyolani to'ldirganidek to'ldiradi go'yo,
aslida-chi, aslida – beiz yo'qolgan fikr –
o'rnida esa vaqtidayeyilmagan non kabi qotgan burdalar...

23.7. -16.8.93


toqqa qo'yib yuborgan qo'ylarim tarqab ketdi
dengiz esa suruvlarini bir-bir haydar

bir yil avvalgi Ko'k-tepalini esladimu
esimni hattoki bir she'rga yig'a olmadim...

1.8.93


Anhor oqar o'z yo'liga,
Bulut oqar o'z yo'liga.
Ikkisini bichib-chatib,
umrim oqar o'z yo'liga.

13.8.93


qiyshiq daraxt tanadan
to'g'ri shohlar o'sgandek

erda turib osmonga
boshing tekkani kabi

tushda ko'rgan dahshatlar
kunduz yozilgay go'yo

bamisoli loyqa suv
tinib shaffof bo'lg'usi

o'tmishing ham o'tmishing
erta uchun gunohsiz

22.8.93


bir narsani unutib qo'ydim
bir narsani unutib qo'ydim

kechga kelib unutgan narsam nima ekan
deb uni eslayman buni eslayman

yozganimmi yo aksincha yozmaganimmi
qilganimmi yo qilmaganimmi

bugundan qolgan narsami yo avvaldan
o'zimga taaluqlimi yo birovga

hech eslay olmayman unutdim
unutgan narsamni unutdim

lekin unutganimni
bir narsani unutganimni
hech unuta olmayapman...

O'tmishda qolgan hayot
portlashdan ozod maydondek,
biroq unga boqsang-da,
ertangga ko'rma-ko'r bosasan...

27.08.93


pastlikdagi bog'da kichik tennis o'ynab bo'lib
hozirgina ikki nemis devonasi pivo ichib
turib ketgan taxta eshak taxtasiga o'tirib
ikki narsa, balki eng ko'p bo'lsa uch narsa-
ni ko'rasan, u ham bo'lsa – yap-yashil bargu –
barg ketida, orasida, ustida tosh butxona, atro-
fi esa ko'm-ko'k osmon.
Yashil bargu kulrang toshning ustida osmon
yozning so'nggi nurlarini, ko'zini tikib,
so'ryatgandek. Butxonadan har chorak soat
bong uradi. Hamma narsa she'rga tayyordek.

"Tomlardan baland falak
biram sofu, biram tinch,
tomlardan baland terak
barg emas, to'kar o'kinch..."

28.8.93


yoz kuzga "shiq!" etib o'tYaPgan chog'i
tosh uylar ochilgan ko'nglimning bog'i
undagi shamolda quriyatgan kir
temir yo'lni to'sgan to'rtta simu bir
quyoshning tepadan horg'in boqishi
uzluksiz suvlarning qayga oqishi
o'ziga jo'r, yo'qsa isbot qidirib,
yoshlarimdan o'zga nisbat topmasa...

26.9.93


yoz bitdi kuz bitdi hazin xayollar
bitmadi chuvaldi meni erchitib

she'r bitdi Bambergning Dom ehromiga
toshlarning ustiga osmonni chatib
oq qanot qor qushi endimi qo'nar...

uzoq o'zbekchilik – Bamberg – berk anor...

12.10.93


mehmonlar ketgandayetim namozshom
paytida dasturxon yig'ishtirib, choy
shamasini sepdimu, meni xomush on
o'z og'ushiga tortdi. Bo'm-bo'sh joy
boyagi suhbatlar issiq isini
taratib, sovushga ulgurmagandek,
bir fikr ulashdi. Balki bir kuni
bizlarni hammamizni – yaxshimi-lmon –
farqlamay, barimizniyerdan kuzatib
Buyuk Mezbon ham, kim bilsin, xomush
etimlikni, qiy-chuv davradan afzal
ko'ra olmagani boisdan hanuz
bizni chidam bilan kuzatyatgandir...

17.10.93


tushimda
tushimga kirgan
so'lg'in qirq yoshimdan
uyg'onmoqchi bo'ldimu
tepaga
uzum so'risining siyrak tepasida
kuzgi osmonni ko'rib
endi bu yog'iga chiranishning hech ma'nosi yo'q
degan salim fikr bilan
qayta uyg'ondim


Yigirmamda yuragimni yig'latardi har oqshom,
qirq yoshimda tush quyoshi og'sa – qalbimda qayg'um,
oltmishimda qaydam, balki tong otgachoq boqishim
qish tongidek xira tortar. Botar tunga qayig'im...

11.12.93


Namozshomda sha'm yoqibmi, sha'm topolmasang
gaz o'choqqa gugurt chaqib zangori olov
sovug'ida ko'chadagi yot kimsa, birov
kabi asta ketib borgan qor... uysiz... mazang...

yo'q, qaytadan – namozshomda sha'm yoqibmi, yo
sha'm topolmay gaz o'choqqa gugurt chaqib, ko'k
sovuqlikda ich-ichlaring ko'chadek – bo'sh... po'k...
o'z o'rnini qorga berib, qor bosgan ro'yo...

yo'q, yo'q, qayta, qayta – namozshomda sha'm yoqib,
yoki sha'mni qorong'uda topmay, gaz o'choq
olovini gugurt chaqib, ko'm-ko'k yoqqan choq,
qor ko'zingdan erib ko'char. Qolgani – ta'qib...

26.12.93


qish chillasini
chidam bilan qimir etmasdan
shipimda o'tkazgan
darveshona o'rgimchak

uch kun avval tipirchilab
vird aylagan qalandardek
to'rlaringni yo'qlading

yangi yil ham kirib keldi
cho'ntaklar bo'sh jovonlar taq
endi holimiz nechuk

sendan o'rnak olay desam
muncha uzoq uxlading

3.1.94


chang bosgan dutorim burchakda osig'liq
qiliga nogahon pashshami yoyengim
yoyelmi tegarkan u uzoq vayengil
yangraydi. Holbuki, xotira bu yanglig'...

Bu yanglig' xotira holbuki yangraydi­
yu uning unlari achchiqroq ham sekin –
bunda gap bordagu bu gapda lekin
chang bosgan dutorning na kori na aybi...

4.1.94

1

qalam uchlar edim
mayda payraxa
birin-ketinyerga, oyoq ostiga

bo'g'in-bo'g'in bo'lib
uchib tushardi

unday desam biz ham shu qipiq kabi
emasmizmi

kim bilsin,
bizlardan xoli balki bu qalam
kamida mana shu she'rni bitajak

2

bundagi umiddan men yiroq edim
mo''jizadan tondim kunimga ko'ndim
o'sha arrandadek tuproqqa qo'ndim

qalamu qalamni uchlagan boshqa
ertaga jannatmi do'zahmi topsam
er degan tuproqni unutsam koshki

ekilar buyerga bo'g'inma-bo'g'in
boshi bor keti yo'q payraxa tag'in
afsuski unish ham unutilish ham

oqibdi tomibdiyerga shuncha yosh
oldinda qaroyer bilan bir bo'lish
kimgadir bu o'lish kimgadir ulush...

7.1.94

O'n to'rt ming ...nchi

Uch qirol bayrami, yasangan bolalar
o'zlaricha arab musulmonlariyu, ulardan narigi
habashlardek yuziga qora kuya bo'yab, bugun qor yoqqan,
bugun men o'rischa bu she'rni:

"Yo'limni yo'qotdim bu qishki soatda,
atrofda oq zumlar g'uvillar chun ochun,
daldaga muhtojlik uchunmas albatta,
lekin bari yo'qqa eltajagi uchun.

Kechagi bo'yicha qolgan kun chambarchas
bog'langan elakdan to'kilar boqiy qor,
chunki men o'limdan qo'rqqanimchun emas,
yo'q, chunki hayotim arzimas va bekor..." –

yozgan Bambergda butlarni ko'tarib:
"Bu kinomi?" – degan savolga: "Nein, es ist Drei Koenige!" –
deganicha erigan qor bilan yuqori ko'chalardan
pastgilarga oqishmoqda.
"Ur" so'zidan o'zbek tilida yarim million so'z
chiqazib bugun, bir iborani unutibman chamasi:
"Qandingni ur!" – yopiq do'konlarda qadim soat-
lar to'xtab, ularning yurishidan mavjlanuvchiyel-
kan kemalar turib qolishgan. Manekenlar esa ularni
o'z mulkiga olishgandek, endi chang bosgan oynalardan
yaltiragan derazalar ortidan bizlarga sovuqqon
o'qtalishgan...

Chilpildoq, erigan qor. "It's been a hard day's night"
ila aralash: "Meni mahv aylagan ul dilbarimning
chashmi shahlosi..."
Yangi yilning ikkinchi erinchoq kuni.

G'ira-shirada ko'prikda suv oqib kelayotgan tomonga turasanmi,
yoki sendan oqib ketayotgan suv tomonga turasanmi – farqi yo'q.
Suvmi, vaqtmi, kunmi, so'zmi, umrmi yo bulardan yasalgan rasanmi –
o'z yo'liga oqaverar. Sen ham bundan xoli oqqanyelmi yo qayiq...


Xudo urganmi, unutgan
bir olmon qishlog'ida bozor kuni,
to'g'rirog'i, dam olish kuni
poezd kutar ekanman

bahor quyoshi ostida
endi uyg'ongan qurbaqami, chumolidek
erinchoq fikrlarim ketidan ohista
yurardim.

Bo'sh ko'cha.
Bo'sh maktab. Maktab hovlisi,
to'r osilgan ikki futbol darvoza,
ketida mo'ylovi sabza urgandek,
maysasi nish urgan tanish bir do'nglik.

Ko'chaning ikkinchi tomoni – chakalak tollar
oralab tepaga ketgan zinaning
er bosgan, o't bosgan qoldiqlari, u
ham bir narsani esga solgandek,
bir narsaga ishora qilgudek u ham.

Tepadan qarasang ikki yon jarda
shisha siniqlari, bo'kib qurigan
qog'ozlar. Shabboda. Quyosh ham qog'oz
bulutlar oralab yurgan shamoldek,
istasa kezadi, istasa taqqa
to'xtaydi.



Tom keraksizlik.

YUrgan yo'llaringda mixmi, ilgaklar,
zanglagan qopqoqlar – vaqt turshaklari,
tosh yo'lak, temir yo'l, ora-chura o't –
tirik boychechakmi, oddiy simmi yo...

Aslida, aslida bularning bari
fikrni undarkan, avvalroq vahming
anglaydi: sening ham hayoting balki
tom keraksizlikda ularga uyg'un.

Aslida sen bunga kuyukma asti,
o'limning aslida yo'q baland-pasti.
Zotan, o'lim emas, o'lim tomon yo'l
o'limning o'zidan ortiq bir xayol.


bugun quyosh ham,yer ham men bilan birga
bir kunga qaridi
so'zlar ham...
So'zlarning qarishi shumi? –
tamaki tutatgan sil kun qarzidek
"Havoni past etar ashking nujumi"...



Allegro

Isming esimga tushdiyu, tushundim:
faqat senga aytishim mumkin...

O'zingdan qolar gap yo'q, – desam
biroz bachkana. O'zing har qalay
barini bilasan-ku, – degach aytishning hojati yo'qdek.
Mayli, qani bir chekadan boshlay-
chi: juma kunlari ishdan keyinyer ostida tek
bir o'zing kelajak poezdni kutganingda, yo
bu poezdda orqa o'tirg'ichga suqulib, derazada
ichingdan ko'ra bilmagan titilmish va sayoq
kishini ko'rasan. Bu – o'zing. Alamzada
shu onda sen gunoh deb bilgan nemismi, portugal,
v'etnammi bir qizning tanida – yerda
topa olmagan ma'voni, yo'q – topish tugul,
qidirishning o'zi, bilasanmi qanday dalda...

Qiymalab kesilgan ruhlardek zaifmiz,
sirtimizni ko'rsak ich ko'zlarimiz shu zahoti ojiz.
Ana – "Makdonaldsning" bog'chasida mayizu-qimiz,
mana – "Shaurmaning" o'tida do'nar-kabob jiz-biz.

Poezd ketyapti vaqtdek, hayotdek, fikrdek.
Bu eski bir o'ydir, lekin og'rig'i har safar yangi.
Gunohlarga ko'milib ketdik hammamiz birdek:
safolarning eng tozasiyu, fosiqlarning eng engi.
Yo'q, barimiz gunohdami, do'zahda birlashaylik deyotganim yo'q,
holbuki, do'zahni kutish do'zahda yashashdan-da do'zah, –
shunchaki, o'limga mahkumdek valjirayman: bu qamoq
boshqa mumkin turmalar orasida muncha zax!..

Isming esimga tushdiyu – ichimga qamadim...

20.2.94


Eski Bamberg, eski York, Eski Binkat,
to'qqiz asr nima­yu, o'ttiz besh yil nima?
Hayot vaqtgayem bo'lsa, vaqt xotiramga ovqat,
hayotu xotiram esa bir qoshiq qon ko'nglima.

Aytmoqchi bo'lganim – qaysi bir oshxonada
orqamdan uruvchi bahor shamolidan berkinsam ojiz,
butun yiqqanlarim parcha-parcha bo'lib shu onda
ko'm-ko'k maysa ichida tosh vayronalargami egiz?

Toshlar ko'karib, mog'orlab, turolmasa vaqtga qarshi,
xotiram bardosh bera olarmidi to'zituvchi buyelga?
O'tmishim, bir qoshiq qonimdan kech deb, bir qoshiq
bu zumning iliq qultumini sochaman buyerga...

22.2.95


qizargan yaproqlar, qizargan yaproqlar
nimaga yo'limda yo'liqib qoldingiz
shamolda ko'chmanchi ekansiz, o'troqlar
nahotki tushunsa uzulgan qalbingiz

birinchi sinfning O'qishmi Kitobi
yo Ona Tilida Kechki Kuz surati
qizargan yaproqlar, bolalik oftobi
har qadam tashlasang ketingdan yuradi

u ham bir ko'chmanchi sinfdosh qizcha-da –
o'nyetti yoshidayetti yot biryerda
mashina ostida qoladi ko'chada,
qip-qizil yaproqdek yuzlari bir burda

qizargan yaproqlar, qizargan yaproqlar
qirq ikki yoshimda men sizni to'kdimmi
tunmi, kun osmonda sochlarin taroqlar
qip-qizil ustidan qoraning to'q timi...


Bamberg boshiga tushgan oqshomda
havoni belagan bonglar ketidan
shu qadar sukunat titrarki, shunda
qisilgan nafasni tark etadi dam.
Bu degani havoyerga qo'lqopdek
kiyilar,yer esa – shu qizil tomlar,
shu qora o'rmonlar, shu sho'r va totli
qo'limda sovuvchi do'nardek komlar.
Mikael do'ngida, ehrom o'ngida
qotar velosiped ikki ko'z yanglig'
bir osmon biryerga o'ying so'ngida
balondek mos tushar, faqat bu – yanglish...


Etyud

Oy yiqildi, kun qoqildi,yerga yog'dim qor bo'lib
yorga yolvordimki zora zor so'zidin zor bo'lib

ko'nglimmi yirtib qog'ozdek uchdi ko'kda g'ozlar
yor ketar parlar bosib, bu o'ldirishmi, nozlar

yo'l bo'g'ildi,yel tiqildi, yor yo'qoldi ko'zdan
bu nechuk jonki, taloshar qiylu-qolu, so'zdan

kuz kuni olmon elinda yor degan kim-kim edi
Ey Navoiy, ey havoiy, ey ravoiyning didi...

16.9.96


Qumursqa ko'zlarim oqshom aralash palag'da
osmonga qaragach, osmondek
ulkan bir qutqu, bir qo'rqinch ko'zimga
osmondan qulagan bir ulug' qahqaha
kabi
ne qadar go'zal bu shahar-
ning husnu-chiroyi ne uchunki menga
nasib etgan ekan –
tor ko'chalari,
men unutib bo'lgan qadim ehromlar,
osori atiqa saqlagan do'konlar,
bu tolim daryolar, bu o'ksuk ko'priklar,
yo'llarni qoplagan bu to'rtburchak tosh...
Bularning bariga yana men bardosh
berish uchun ikki yillik yo'qlikdan
qaytdimmi? Bu biroz ovozi toliqqan
pashtu qizning shashti avvalgidek yosh.
Men bilan bir davrda yashar ekan u,
masofa, makonning hech bir qisi yo'q
emasmi, muhimi – mana shu shahar,
mana shu shaharda yana har saxar
yurakka uruvchi qahqahamas, bong, –
telefon kitobda qumursqa raqamlar
sukuti oralab kuz otuvchi tong...

17.9.96


Bu odam ham yoshlarga to'lib
rihlatga yo'l oldi, – deyishsa Tavrotda,
hozirga qadar men oyog'im qadar
to'lgan bo'lsam kerak yoshga, oyog'im
vazminroq, va biroq undan yuqori –
jigaru, yuragu, ko'kragim – bo'm-bo'sh.
Ayniqsa yuragim hech hanuz to'lmas,
miyamni bo'sh desam ko'p to'g'ri bo'lmas,
lekin yoshga emas, boshqaga to'la.
O'ngimda xipcha bel ikki qumsoat,
Tavrotning o'rnida Qissasul Anbiyo...
Bunimi ag'daray, ungami toat
qilaymi,
yurakdan bir havo puffagi guyo
uzilib, ichimni qoplasa bir yo'la...

19.9.96

Bog' ichida bo'sh sahna

Sahna qimir etmaydi.
Daraxt qimir etmaydi.
Faqat ko'zim jovdirab
manziligayetmaydi.

Uch yil avvalgi manzil
kuz kunidek vazmin, zil,
o'sha kuni xotinim
qizimga qilib hazil

rosa raqsga tushardi.
Daraxt hazon tushardi.
Bu hazonyerga emas
yuragimga tushardi.

Yana bir kuz. Bo'sh sahna.
YUrak sovuq. Qon yaxna.
Ojiz yolg'izligimga
yo'qlik solgudek raxna.

Sahna qimir etmaydi.
Daraxt qimir etmaydi.
Faqat egasiz qayg'u
manziligayetmaydi.

21.9.96


Qayg'udan nariga o'ta olmadim.
Qayig'im urildi quruq sohilga.
Qayg'uning naryog'i nimayu-nega –
bilmadim, bilmayin bila olmadim.

Chiroyga bo'kdimu, qonim tinmadi.
Chiroydek tavoze' bo'lmadi bu qon.
Hammadan ayrilgan bechora shayton
jondan insa indi, qondan inmadi.

Farishta o'qitgan ma'sum Azozil –
muncha zildek og'ir bu yuragimiz?
Ayt, senga qonimmi buyurar emish
yo qayg'um yorliqab bo'larmi nozil?

Yo'qsa nechun daryo oqqanda sokin,
barg tushsa daryoga qon qayg'uradi? –
Qonimda bir kimsa eshkak uradi,
qayg'ugayetsa-da, uzrga lokin...

21.9.96


Vaqt oqimidan

xuddi o'z bekatingdan ikki bekat avval
avtobusda nogoh tushib qolgan yo'lovchidek

tushib qolishlar bor.

Sariq yaproq ham kuzgi daryo bo'ylab
oqib borar ekan
bir zumga qirg'oqdan osilgan shox-butoqlarga
ilinadi-da, o'zini yana barg bilgandek bir seskanib
oqimida davom etadi.

Ammo na bu yo'lovchi, na bu bargning
qaerdan kelayotganiyu, qaerga ketayotgani bilan
bu tushib qolishning, bu nogoh to'xtashning aloqasi yo'q

men ham ketga boqib: uyerda yarming
qoldi, – deb o'ylasam-da, bir daryo alam
yopishar yarmimga. U ham bir sayoq...

23.9.96


Manzara, manzara, manzara

1

To'rtburchak qorong'u oyna.
Tungi jomadagi aks. Osmonda ertaga
to'ladigan noqis oy. Tuman fanorlar
atrofida quyuqlashmoqda.
Bu oy nurida qop-qora, qop-qora
osilib turgan shoxlaru barglar.
Qayinning osilgan shoxiyu bargi.
Uzoqda chiroqlar. Qop-qorong'u tun....

2

Oyna. So'ng aks. So'ng shoxu-butoq.
Qimir etmas so'lg'in qop-qora barglar.
Keyin birdan xonam –
eshikning aksida – undan nari tumanda
oyoqsiz chiroq.
Uch stakan chiroq. –
To'rtinchisi yana shipda, xonamda
osilgan chiroqning aksiyu, teparoq
qimir etmas qora mayda barglarga
burkangan – tish og'riq kabi qiyshiq oy...

3

Tuman quyuqlashib chiroq chinqirar.
Lekin qimir etmas qorong'u barglar.
To'rtburchak oynadan qadim rasmdek
o'z aksim o'zimga uzoq qaraydi...

..............

bularda ma'noni izlash ne hojat,
bularga ma'noni qo'shish kerakmi? –
kuz jonimdek tinchmi, yo jonsarakmi,
bu akslar ortida kim kimga najot? –
deb qora bargningu so'qir chiroqning
tinchligin tinch qo'ymay, qonimga bulab,
o'z kuzgi aksimni ularga ulab
ilinsam qarmoqqa o'sha so'roqning...

25-26.9.96


Bu chiroyni baham ko'rmayman.
Ishonmayman uni hech kimga.
Kuzgi quyosh – daraxt oralab
tegar-tegmas yurgan mo'yqalam –
yaproqlarni asta bo'yarkan,
kuzgi gullar hali ham jasur –
o'z ranglarin bermaydi kuzga.

Namiqqan daraxtning qora po'stlog'in
qop-qora olmaxon tez-tez chaynaydi.
Lekin boshqa narsa meni qiynaydi –
bularning barini kimga aytyapman?
Kimga ishonyapman bu chiroyni men?

Yo Olloh, naqadar chiroyli qilib
yaratibsan bu dunyoni Sen...

Valasapid shig'illab uchar.
Sarig' barglar g'ildiraklarga
yopishar. Tanlashning hech hojati yo'q –
g'ildirak aylanar, aylanmaydi o'q, –
so'zlar ham, fikrlar shunday emasmi?
SHamolda aylangan barglarning rasmi.
Lekin hech siljimay tikiladi ko'z.
Rasmkash "shiq" etmas, davom etar kuz,
namyerga bosilgan ketishning izi,
kapalak quyoshu, tunning qo'ng'izi,
gulxayri, gultoju binafsha jo'ri
tugamas, bu kunning peshona sho'ri
toki she'r bitmaydi, shu chiroyga mos.

Lekin bu qizimu o'g'limga meros...



Ayol sevish oson bir sevgi.
Ayol hajri – o'tkinchi firoq.
Qo'pol qilib aytganda – sikib
qutulasan sarobdan. Biroq

oqqan daryo, sarg'aygan daraxt,
asrlardan ko'kargan g'ishtlar –
nima haqda ekan bu karaxt-
ligu, o'zni kimga bag'ishlar?

Naylay kallaklangan bu tutni,
rasmdan ham shamol ufursa?!
Bu dalalar eslatmas ko'tni,
emchaklardan mayinroq maysa...

Ayol sevish lazzatli azob
erursa-da – bedavo qiynoq
bu ayolsiz kuz, bu bo'sh fazo,
bu shamoldan to'zigan qaynoq...

28.9.96


Chumchuqlarning dunyosiga tushib qoldim qaytadan,
bulutlarni supurayotgan daraxtlar dunyosiga.
Aralashdim bo'sh deraza to'kayotgan ho'l yoshiga,
lekin bular ayri emas, bular bari dam-badam.

Ho'l ovozin to'kkanida ho'l qanotli chumchuqlar,
bu daraxtlar derazaga rasm bo'lib tushganda,
tushunsang-chi, bulutlarning qo'nimgohi Toshkanda
bo'lmasa-da, bo'sh yuraging o'z-o'zicha sanchiqlar...

Ikki norinj, mehmonxona, uxlayotgan o'g'ilcham.
Er ustida unutilgan yana nemis qishlog'i.
Oqish kunning tishlab-tishlabyeyilayotgan pishlog'i
muncha tilni achishtirar, muncha bu she'r beixcham?..

15.12.96

Scerco

Bir chimdim dunyoyu, bir hovuch o'ylar...
Buyerda bo'lmadim yillarmi-oylar,
bu shahar men bilan nelarni aylar,
ne uchun u mudom, men esa boshqa?

Ne uchun qaytaman hamisha unga
manzilni topshirib yolg'iz zamonga,
ne uchun o'lim yo'q na tosh, na tanga,
tandan ruh chiqsa-da, urilsa toshga?

Yoki bu shahar ham menga egizmi,
bahorda junjukkan esdagi kuzmi,
yo-da har safargi bir afg'on qizmi?
Men esa ehromu maydonlardek gung.

Har qalay ikkimiz topishdik yana,
men toshga aylansam, sen menga una,
ana shunda balki bir hovuch gina
o'rnini bosadi bir chimdimcha mung...

16-17.3.98

Bilmadim,
bu safar
aqlimyetarmi,
bir savol o'ngimdan mag'lub ketarmi?
Mana men buyerga qaytdim, va demak,
yana o'sha shahar, o'sha bog', ko'lmak,
o'sha tosh ko'chalar, o'sha ehromlar,
qo'shma-qo'sh devorlar, uyqashgan tomlar,
Isoning ko'pligi, daryo ko'prigi,
hovlilardan anqqan pivo ko'pigi,
har tomon tarqalgan velosipedchi,
favvora tagida o'nlab o'zbekcha
chordona qurganu, asli uysizlar,
ular mast ersa-da, baribir "siz"lar,
bozorda qo'qqaygan ikki turk baqqol, –
bularning barisi shu qadar yaqqol-
ki, buni qaytmasdan bilaman hatto...
Xo'sh, nega qaytishim hech qachon xato
bilinmas mengayu, yana ne uchun
har safar qaytganda, go'yo bir ochun
ochilar yangidan? Bari eski-ku!
SHahar chekasida, o'rmonda kakku:
"Kak-ku, kak-ku" – deya bir sas qaytarar.
Aslida bu sasda na sud, na zarar,
aslida...
va lekin bu – yoshing esa –
tukingdek junjukar atrofda maysa...

17.3.98


Ey Xudo, holim borib o'zga kima ham aytasan,
bu holimni ko'tarib hayhot o'zimga qaytasan.

Na yuzingni ko'rsatib, na ko'zlarimni uyg'otib,
bu lomakonlarga uloqtirgan mani sen qaydasan?

Ikki ishchi bolg'a urib
erga toshlarni qoqar,
tosh bu ko'prik ostida
toshlarning aksi – suv oqar.
Necha bor o'tdim bu ko'prikdan
soyamni haydayin –
vaqt qotar o'tmishda toshdek,
men hanuz ham betayin.
Har do'konda yuz peshoyna,
har peshoyna – bir muzey,
oynaga bosgan peshonam
ich-ichidan bir muz-ey!
Bu shaharning ismi yolg'izlik,
sen o'lsang – u qolar.
Balki shundan har safar
qayg'umda ma'no yo'qolar...

Ey Xudo, aytdingmi holim qaytadan o'z-o'zima,
Go'shima tondi tilim, lek boqmadi ko'z ko'zima.

Bu qadar yolg'izlig'a inson tugul toshlar emas,
na falak, na suv chidar, yolg'iz ishonch – yo'q so'zima...

17.3.98


Ark ustuni guldek egilgan joyda
tosh haykallar qator bo'lib turardi.
Soyalardan yozib poyga sajjoda
oralarda soat ikki yurardi.

Uxlarmidi navbat nazoratchisi,
pivolarin icharmidi sayyohlar,
har holda soatga ichim erchisa
shu zahot ikkisin bo'shliq izohlar

edi-da, aytmoqchi bo'lganim boshqa –
haykallar safida, arklar ostida
o'zimni o'xshatdim daf'atan toshga,
bir zumda toshdan ham bo'ldim osuda.

Biroq to'rtinchimi-beshinchi haykal
menga boqar edi yolg'on tuygandek,
ey tirik jon, bunda qolsang, loaqal
asr turchi! – derdi. Sabrim tugadi,

tosh bo'lish mushkulin tushundim shunda,
sapchib turib ketdim. Bor bo'lgani shu...
Faqat ichimdami, toshning tashinda
darz ketgan chiziqdek xoin uchrashuv...

18.3.98


urushmi, ofatmi, qiyomatdan so'ng
vayronalar orasida bir telefon
ko'shkiga yo'liqdimu
uzilgan simlaru, buzilgan go'shak
yonida
ichak-chavoqlarni bozorda
baholagan qog'ozdek
bir qizning
bir qizchaning oq-qora suratini
ko'tardim...

bu surat – suratmas, yarimkul rasm
edi-da, bir bola qayga choparkan,
uni bosib o'tdi, izini hazm
qila olmay tursam, uzilgan barg ham
bu parcha qog'ozga yiqqan namini
to'kib qo'ndi. Dunyo choki uzildi.
Qalamda chizilgan yuzu-nomini
esda tutish uchun bu she'r yozildi,
biroq bari zoe', yo'qoldi bu qiz.

Bazmda davradan chiqib shamg'alat
yo'qoldim o'zim ham. Hammasi noqis.
Raqs davom etardi, kimlardir salat
er edi, kimlardir ichardi sharob.
Vayronalar bosdi har ikkimizni:
qo'ldagi kulsurat sevgimas – sarob,
uni saqlashga yo'q xudoning izni...

21-22.3.98


Bo'sh shakllarni tinimsiz to'ldirish.
Bo'sh shakllarni qayta-qayta to'ldirish.

bog'dagi bu bo'sh sahna haqida bir she'r yozgan edim,
bog'dagi bu gulzordan hayratda qolgan edim necha bor,
biroq yana shu bog'daman, yana yordam bermas yodim,
yana qo'limdagi olmaga qaytadan qo'ngandek g'ubor,
yana bu bog' qahvaxonasida ichilgan piyola qaytadan to'la,
velosipedda bosgan izim esa hazonni to'zitar yana,
yana osma ko'prikdan o'taman, bir mahalladan so'ng ochiq dala,
u yog'i esa toqqa ketgan o'rmonu, bu yo'ldan terlagan tana.
Bularning bari bo'lgan va yana qaytarilmoqda,
pichoqni qayroqqa charhlagandek, uraman bularga o'zimni,
lekin nima uchun ruhimni hukm etgan bu go'zal qamoqda
o'zimdan afzalroq ko'raman buyerda qoldirgan izimni?
Nima uchun men uzluku, daryo esa oqishdan tinmaydi,
nima uchun bu shaharni birovning xotinini sevgandek men gum?
Nima uchun, nima uchun bu savolning shakli bu qadar mayda,
biroq undan qolgan izni hecham, hecham to'ldurgum?...

22.3.98


Bambergga qor yog'ib bir kunda eridi...
Mening ham hayotim...
Kechasi bizlarga nimalar aridi,
nimaga hammadan kech yotdim?
Nimaga fonarning ostida laylak qor
oqqanda baqirib-chaqirib sayr etdim,
mast edim nimaga, nimaga intizor,
nimaga hammadan o'zimni g'ayr etdim?
O'tdi-ku bu qorlar, eridi toshlarda,
va hatto loy degan izi ham qolmadi.
Iztirob sahari bo'sh qadam tashlardi,
u mening ko'nglimni nazarga olmadi!..
Bu hayot bitadi, balki qor erir-u
va yana bir kuni Bambergga yog'sa-da,
bu hayot bitadi, qor unga arir-u,
o'zidan qolmaydi iztirobcha sado...

22-23.3.98


Qaytishimni o'ylay. Daryolardan farqli,
oqshomlardan farqli, yomg'irdan farqli.
Qaytishimni o'ylay. Qorong'u tushmasdan
Bamberg turar ekan, ufqi shafaqli.

Chiroyiga cho'mdim, g'arq bo'ldim ko'rkiga,
soyam sajda qilmagan joyim qolmadi.
Tosh bo'lib qotmasdan avval ketmasam –
soyamga tosh bosar uning qomati.

Yoriltoshim, yoril, men ruhimni ko'ray,
u sendayin ulkanmi, yo tandek mayda?
Mishelbergdan boqsang – pastda urar bonglar,
lekin qizil tomlar hech narsa demaydi.

Tashlay buni asta. Qaytishimni o'ylay,
mumkinmi bir umr she'r domida yashash?
Tosh sukutga to'lgach, bu – o'liming bo'lgach,
ortiq sharafmi endi toshdek gap yasash...

3.4.98


Qorong'u tushsa bo'ldi, u yog'i – oson,
u yog'da yolg'izlik sen qadar torayar,
bu yog'iga so'rmas ko'nglingni bo'sh osmon,
ko'p bo'lsa – deraza enicha qorayar.

Salang'lab yurganing – turgani befoyda
bo'lsa-da, negadir abadiy bu g'aflat.
Pivo ich, valaqla, turk qizlarni poyla,
vaqt o'ldir, o'lmas vaqt,yegani – jichcha lat...

Egani – bir burda xomaki yuraging,
qoldig'i negadir hilvatga chidamas.
Zo'rlaysan o'zingni, atrofga qaragin, –
deysanu, to'rt atrof bir senga indamas.

Immillab, amallab qorong'ugayetsang
muhtasham kamolot degan so'z qo'yningda
mushukdek yalaydi og'zini, dil – xarsang,
biroq bu xarsangning go'shti nimta-nimta...

3.4.98


Chillaga kirishimdan o'zga chora qolmadi,
chilladan boshqasini barini sinab ko'rdim.
Xalakaning itidek yugirishdan tolganda
hilvatda o'tirishgayetmasa hecham qurbim.

To'xta, – deyman, – shoshilma, shoshgan tarafing – o'lim.
Lekin hayot bir zumga to'xtasa – entikaman.
O'n sakkizga kirdi qiz, o'sib-ulg'ayar o'g'lim,
ich-ichimdan o'zgarmay o'sha-o'sha yakkaman.

Ikki o't orasida qochgan tarafing – do'zah,
qanotlarin kuydirib uchar ko'kda o'ttiz qush.
Altenberg qasri uchun umring – turgani mazah,
baribir pivo ichib unga o'ksiysan ukush.

Chilladan boshqa iloj qolmadi-ku chamasi,
chillani o'ylasang-da, labingda taxir maza:
qirq birinchi saharning xumor to'la shamasi –
qirq kun o'lgan umringning qirqi – sen tutgan aza...

4.4.98

Sohta g'azal

bu rus restoraniga kelishilgandan kechroq kelganimda
davrada menga joy qolmagan edi, biroq
men bilan birga kirib kelgan raqibu, g'anim-da
joysiz qoldi. To'g'ri kelgan joyga o'tirdik, shamchiroq
yoqildi oramizda. Ichkiligu taom buyurdik,
biz bilan birga o'tirgan hunuk qizlarga boqdik birga.
Qiziq, rus taomlari kabi, eng bemaza deb o'ylangan o'rdak
birdaniga oqqushga aylanadi. Bu uchun ichildi, burga
kabi sakrab-sakrab boshlandi gap. Raqibim
fikr bilanyengmoqchi bo'ldimi meni, qulog'-miyamniyedi,
biri kular – bir kitob o'qigan edim – biri der: laqabim
"do'xtarbozi" – kitobda kommunist tanqidchi burjuani urar edi –
"do'xtarbozi"ning ishlari yurishmagach stakani bilan turdi –
o'shanda uxlab qolibman – bilasanmi, mening hindu qo'shnim –
yonimdagi eroniy qiz: endi "sandalbozi" – uyg'onsam-da urdi, urdi,
tinmay uraverayotgan ekan – bir shinam
bog' yasaganu unda gullardan tirgovichlari ko'p –
Rumiyni eslab berdim unga – so'ngida:"Sen meni tushunding" –
alg'ov-dalg'ov sanchqiga pichoq der: "Meni o'p" –
aroqdek shaffof bo'lsin ko'z – o'tkir, quloq – ding
ekan-da, hunuk qizlar naqadar ochiq, uzoqda
o'tirgani esa ko'zlaridan zal osha dor tortar...
Esimni yig'dim biryerga, bitdi shovqin tuzoqda
tipirchilay boshlaganida yurak, unisidan badtar
o'ynoqi, mastona ko'zli bir turk – So'nggul kelsa bo'ladimi,
bu dunyoningmi yo go'rimga qo'yilgan so'nggi tirik guli,
shunda raqibning havfini men emas, u angladimi,
kelib qo'shildi yonimizga, yo mastlikning qo'li
yor kelgan g'azalni yozishga jazm etdimi – mastlik-da,
mastona ko'zlar, nemis yurtida turku-eron dunyosi, restoran...
Sevgi – sevgi emas, uning ketidagi sharqidek nido,
sen ham oshiq emassan, aroq isitmasidan biroz isidi istarang...

5.4.98

Oynadagi manzara

Pastda daryo oqar, narigi sohilda
qadimgi uylar, ularning qizil tomlari
Dom ehromiga ulanadi, o'ngda Mixelsberg,
yuqorida esa, uzoqda, ufqda, o'zini ufq
o'rnida tutib turgan Altenberg minorasi.
Bularning tepasi esa bir bulutli,
bir sochqin quyoshli osmon.
Naqadar go'zalu hafif manzara...
SHe'r yozgisi keladi odamning...
Ko'z osmondan inib yana sohilga qaytar ekan,
daryodan bu damyelkan emas, bir barja o'tadi.
Unga tikilamiz, nigohlarimiz tikan
bo'lib qadaladi unga, u ham yuradi mo''tadil.
Oqimga qarshi yuradi u, shundanmi ramzga to'laligi,
yoki ko'miru-qumga to'laligidanmi bu ramz?
Biroq boya tikan degan edim, o'sha haligi
tikan sanchilgandek ko'zga, sohilga solsam razm –
bir qiz, bir o'zi to'rvasiniyelkasiga osib,
yolg'izlikda yurib borar va bu qiz – Hulkar.
Baqiray desam – birovning uyi, men ham oseb
indamay qolaman. Oramiz ulkan
masofa bo'lmasa-da, uniyenga olmaysan har qalay,
chunki har kimning o'ziga buyurgan yolg'izligi bor.
Oynadagi manzara shaffof edi-ku, endi esa, ne bilay,
men tarafdanmi, u tarafdan bosdi iliq oynani g'ubor...

6.4.98


Qaytib kelishimning achchiq ta'mi.
Birinchi kun nima qilarimni bilmay qoldim.
Go'yoki umr bitganu, uning ustidan qo'yilgan sha'mi
hali ham yonib yotgandek. Asta odim
tashlar ekan kunlar – biri o'tdi, ikkinchisi –
lov etib yonsa-da xotiralarda Lange strassemi, bir burchak,
hayot davom etaverar ekan, uning kunduz-kechasi
almashaverar ekan. Tebranadi bo'm-bo'sh xalinchak.
Lekin bu yigirma to'rtmi, yigirma besh kun umrim
butun umrimni anglatgandek bo'ldi bu daf'a,
nimadan qo'rqdim buncha, bunday bo'lmagan edi-ku burun,
nimani yo'qotdimki, buzildi bu qadar mudofaa?!
Yana qaytaman bu kunlarga: boshqalardan nimasi afzal?
Unutilishga tayyor edi-ku ular ham.
Unutilardi ular ham, bunga isbot emasmi butun azal,
unutilardi... Lekin so'nggi kecha, undagi g'am
to'ntarib yubordi bu yigirma besh kunni, bu hayotni,
cho'kayotgan kemadan sakragandek sachradi har tomon qatralar:
Remeis villasida shaqqildoq daraxtlar ostida Bayotni
qushlarga qo'shilib kuylaganing, pastda bong tarqalar,
dala yo'llarida velosiped uchirganing, itxona,
unda qamalib ozodligingga hurkkan itlar,
hayit kuni turk qahvasida fol ochirish bahona –
ichingni yorishing – bular nimaga isbot, yo turklar aytmish qanitlar?
Endi bo'sh kundaligimni to'ldirar ekanman ters tarzda,
bu voqealarning har biri shu qadar ravshanki – ko'z qamashtirar,
biroq nimadiryetishmaydi ularga, nimadir abadiy qarzda
bo'sh xonada sham' ustida o'yga tolaru, iyak tirar.
Nima ekan buyetishmas narsa, bu abadiy qarz,
nima uchun unga bas kelmas folda va'dalangan ulkan mujda?
Tan berdim-ku senga, vaqt, demasang-da: Menga yutqaz,
tan berdim-ku, ters, ruhimni tinch qo'y bo'lmaganida juda...

12.4.98

Bayramdan keyingi tunlar

bu haqda hech kimga so'zlama
dunyoda bir dona sir bo'lsa
oramizda qolsin u
bu haqda hech kimga so'zlama...

kechqurun Polarbarda yig'ilishdan oldin
bir o'zim velosipedda shaharning bo'm-bo'sh
parkiga borganimni: daryo bo'ylab yo'l oldim,
etim gullar orasida, daraxtlar orasida nima qilar bu to'sh,
ayniqsa bu to'sh ichidagi ruh nimaga entikar,
go'yoki oqshomdagi bu parkda o'ziga topgandek egiz? –
axir yolg'izlikdan shirinroq narsa yo'q-ku, u esa ko'z tikar,
osmondagi oy hovuzdagi aksiga cho'kkanida tiz...
Biroq yolg'izlikka oy chidar, daraxt chidar, yo'l chidar,
lekin odam emas. Balki bu fikrni hamyenga olardim asta,
Polarbarda boshqalar orasida pivo ichib jadal,
yo ashula aytib bitardi safarim bu pasda,
bu kayfiyatda, buyetimlikda. Tungi birlarda tarqaldik.
Yana velosiped. Osmondayetti Hulkar, yonimda ulardan biri,
yigirma to'rt kunlik shirin hayot bitgan edi, uylarga yo'l oldik,
bu kunlarni so'nggi yo'lga kuzatgandek ohista. Bu ham oyning ta'biri
edi-da, bu safar u yolg'iz, men esa yoshligim aksini
so'nggi bor kuzatib borardim. Luzumsiz so'zlar...
Uyiga hamyetdik. Xayrlashdik, biroz o'ksinib:
"Ozgina yuraylikmi?" – dedi u. Tunda ko'rinmas ko'zlar
menga boqqandek bo'ldi. "Unda, – dedim, – Seeshlossga boraylik,
unda, – dedim, – uyqu yo'q ekanmi so'nggi tun, demakki uyqu yo'q!"
Mindik velosipedlarga, oh bu tunggi ralli –
g'ildirak simlaridek miltillar osmonda yulduzlar, oy-o'q...
Bo'm-bo'sh yo'llar, yuzimizga vaqt kabi ursa-da mayinyel,
men yigirma to'rt yoshimga ketyapman, yonimda yigirma to'rt yashar qiz.
nima qilyapman men o'zi? Begona yosh, dugona qiz, begona el,
"Oz qoldi", – deyman. "Unda bu ozini ham ayting", – deydi u tuyqus.
Tunda qolgan ikki kishini. Dala yo'llariga velosiped burganini,
saroy devorlari ortida ikki ko'l o'rtasidagi tosh qotgan haykalmi bu yo?
Ko'lda oy, ko'lda ko'rinmasu tunda tinmas o'rdaklar, qamish tinimi,
etim o'tlar. Yo'q, bu bari yolg'on, bari sarob, bari ro'yo...
Chunki bu tun butun umrga teng, hatto undan ham ortiq,
uni tasvirlashga so'zyetmaydi, faqat sukut...
Ikki ko'l oralab ketgan yo'lak – ikkimizga tortiq,
u umr yo'lidan uzoq, buni bilar hech kimning qo'li tegmagan o't.
Ho'l o'tga o'tirganimizni, "biz o'lsak nima bo'lamiz?" – deganingni,
oyko'ldan esa birinchi tuman ko'tarila boshlaganini osmon tomon,
umrimda ilk bor bildimmi, tushundimmi – bokiralik nima,
qo'l urmaslik nima, tunda, sukutda, sevgida, umrda yo'q bo'lish beomon.
(davomi)
"Endi qorong'u osmonga qarab sizni o'ylayman", – dedim. Turdik ohista,
devor tagidagi junjukkan velosipedlarga yaqinlashdik, bir-birga,
taxir lablaringni, somon sochlaringni, iliq bo'yningni istab
o'z folimga yo'liqdim shunda, hech narsani avvaldan so'zlamas taqdirga.
Men qora paltochadagi tunni quchar ekanman, unga "sevgilim" emas, "qardoshim" dedim, u ham uzoq og'ushini ochib, sevgim uchun emas, yo'qotayotganim uchun yig'lardi yum-yum –
yo bu ham ro'yomidi: bu saroy, bu devor, bu yo'lak, bu osmon, bu tun kabi qadim,
bularning ustida esa go'r ustidagi tuproq kabi, o't kabi yulduz – bir uyum.
Dildirab qaytganimizni bu dala yo'llardan, bu bo'm-bo'sh shossedan
so'zlardan xoli, o'tmishdan xoli, umrdan xoli, besharqiyu, beashula,
sir saqlasangda – unut bularning barini, unut yaxshisi tom,
kuydirsa kuydirsin o't emas – Hulkarlar poyingga tashlagan shu'la.

Men shapkamni yo'qotdim. Yashil chiyduxobadan edi shapkam.
Ikki yil avval Londondagi C&A dan olgan edim uni.
Yomg'ir yoqqanida – Londonda nima ko'p – yomg'ir ko'p, ungayetadigani edi kam,
yo'q endi boshimda shapkam, qo'limda esa na evazi, na xuni.

Qaerda yo'qotganimni ham bilaman, ne yo'sinda yo'qotganimni ham:
afsonaviy kecha edi, men u haqda she'r ham yozdim,
ho'l o't ustiga o'tirganimizda shahar chekasida tun ichida bir qiz bilan, shu dam
unga qog'oz to'rvayu, o'z tagimga esa o'sha shapkamni yozdim.

Lekin turganimizda, u mening qo'limda edi, to'rva saqlanib qoldi-ku axir,
velosipedlar yoniga borganimizda ham, qizni quchganimda ham o'ng qo'limda edi u.
Ana o'shanda chamamda nojo'yayu, bir ma'noda og'ir
tuyuldimi u menga – tashladim shapkamniyerga, uyerda qoldi u.

Buni ham aytsammikan, qaytishda muz qotgan bu qizga uni taklif etdim o'zimcha,
esimda yo'qki, qorong'idan uni olmadim qayta o'sha tun, o'sha zamon.
Men shapkamni yo'qotdim. Po'stini tashlagan ilondek, yo bahor boshida nimcha
kiygan yigitchadek dildirayman uni eslasam hamon, hamon...

Finale…

1998

íàâåðõ


SpyLOG

FerLibr

ãëàâíàÿ   |   íà ñàéòå   

© HZ/ DZ, 2000-2001